Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

16 Yanvar 2024

“Paxtakor futbol klubi” MChJning 100 foiz davlat ulushi savdoga chiqarildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-son qaroriga asosan futbol klublari xususiylashtirilishi belgilangan.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan futbol klublarining bir davlat tashkiloti tasarrufida boʻlishi sogʻlom raqobat muhitini yaratishga toʻsqinlik qilishi bildirilgan. Bugungi kunda, futbol klublari davlat tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar tasarrufida qolib, umumiy benefitsiar sifatida davlat boʻlib qolmoqda.

Oʻz navbatida, ushbu holat xalqaro prinsiplarga muvofiq hisoblanmaydi. Shunga koʻra, dastlab jozibadorligi yuqori boʻlgan futbol klublarini xususiylashtirgan holda xususiy sektorning ulushini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan.

Shunga koʻra, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Davaktiv agentligi) “Paxtakor futbol klubi” MChJning 100 foiz davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – Aktiv/Jamiyat) boʻyicha ommaviy savdo jarayonlari boshlanganligini eʼlon qiladi.

Davlat aktividan kelgusida foydalanish va sotib olishga qoʻyiladigan talablar:

  • Futbol klubining faoliyatini saqlab qolish, rivojlantirish va xalqaro darajaga olib chiqish;
  • Futbol klubi balansidagi barcha sport obyektlaridan, shu jumladan futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yoʻnalishlarida foydalanish;
  • “Paxtakor” futbol klubi akademiyasi faoliyatini saqlab qolish va rivojlantirish.

Talabgorlarning sotib olish boʻyicha takliflari quyidagi havola orqali “E-auksion” elektron savdo platformasida qabul qilinadi:

Ommaviy savdoda qatnashish uchun havola

Jamiyat toʻgʻrisida maʼlumot:

“Paxtakor” futbol klubi – Oʻzbekistonda 1956-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan professional futbol klubi hisoblanadi.

Jamiyatning yuridik manzili: Toshkent shahri, Islom Karimov koʻchasi, 98A-uy.

Veb sahifasi: www.pakhtakor.uz

Aktivni sotish ikki bosqichda oʻtkaziladi.

Bunda:

birinchi bosqichda – talabgorlar oldindan malakalanadi (saralanadi), jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning toʻliqligi, zakalat puli kelib tushganligi, davlat aktividan kelgusida foydalanish yoʻnalishlariga qoʻyilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi, talabgor va ular bilan bogʻliq boʻlgan shaxslardan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQShning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmaganligi, shuningdek kelajakda bunday roʻyxatlarga kirish ehtimolining pastligi koʻrib chiqiladi;

ikkinchi bosqichda – talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va toʻlovni amalga oshirish muddati), zakalat puli miqdori (narx taklifining kamida 5 foizini tashkil etishi) hamda toʻlov qobiliyati baholanadi.

Savdoning birinchi bosqichida ishtirok etish uchun talabgorlar tomonidan 2024-yil 15-fevral kuni soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar oʻzbek yoki rus yoxud ingliz tillarida (talabgorning ixtiyoriga koʻra) mazkur eʼlonning 1-ilovasi (jismoniy shaxslar 1a-ilovasi)dagi ariza namunasi toʻldirilib (imzolangan holda), quyidagi hujjatlarning skaner qilingan shakli (kodlangan holda) “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali taqdim etiladi:

a) yuridik shaxslar uchun:

  • yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtganligini tasdiqlovchi guvohnoma va uning ustavi nusxalari (talabgor tomonidan tasdiqlangan holda);
  • hujjatlar topshirilgan sanaga talabgor, uning taʼsischisi va/yoki benefitsiarining toʻliq roʻyxati (agar toʻlovga taʼsischi va/yoki benefitsiarning mablagʻi jalb etilishi koʻzda tutilayotgan boʻlsa, talabgorning ustav kapitalidagi tegishli ulushlarini va miqdorini koʻrsatgan holda);
  • davlat aktividan kelgusida foydalanish yoʻnalishlariga qoʻyilgan talabdan kelib chiqqan holda undan foydalanishning biznes konsepsiyasi loyihasi;
  • talabgor savdoda ishtirok etishi uchun sotib olishni rejalashtirgan davlat aktivi boʻyicha talabgorning oʻzi taklif etadigan qiymatdan kamida 5 foizi miqdorida zakalat puli "Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish" AJning quyida keltirilgan maxsus hisob-raqamiga oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati nusxasi.

b) jismoniy shaxslar uchun:

  • soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari uchun), pasport (ID karta) nusxasi;
  • davlat aktividan kelgusida foydalanish yoʻnalishlariga qoʻyilgan talabdan kelib chiqqan holda undan foydalanishning biznes konsepsiyasi loyihasi;
  • talabgor savdoda ishtirok etishi uchun sotib olishni rejalashtirgan davlat aktivi boʻyicha talabgorning oʻzi taklif etadigan qiymatdan kamida 5 foizi miqdorida zakalat puli mablagʻlarini "Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish" AJning quyida keltirilgan maxsus hisob-raqamiga oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati nusxasi.

Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasi tomonidan savdoning birinchi bosqich yakunlari boʻyicha qarori qabul qilingan kundan boshlab, 3 ish kuni mobaynida jarayonning birinchi bosqichi natijalari boʻyicha ikkinchi bosqichga oʻtgan talabgorlar toʻgʻrisida Davaktiv agentligi tomonidan oʻzining rasmiy veb sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar orqali eʼlon beriladi hamda birinchi bosqichda ishtirok etgan barcha talabgorlarga rasmiy xabarnoma yuboriladi.

Savdoning ikkinchi bosqichiga oʻtgan talabgorlar toʻgʻrisida Davaktiv agentligi tomonidan oʻzining rasmiy veb saytida eʼlon chop etilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida savdoning ikkinchi bosqichida qatnashish uchun mazkur eʼlonning 2-ilovasi (jismoniy shaxslar 2a-ilovasi)dagi ariza namunasi toʻldirilib (tasdiqlangan holda) E-auksion” elektron savdo platformasi orqali takliflar taqdim etiladi.

Takliflar quyida talab etiladigan hujjatlarning skaner qilingan varianti (kodlangan holda) “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali yuboriladi:

  • davlat aktivini sotib olishga talabgorning narx taklifi;
  • davlat aktivini sotib olish toʻlovlarini amalga oshirishning muddatlari boʻyicha taklif;
  • talabgorning oxirgi 3 yillik moliyaviy hisoboti (buxgalteriya hisobotining 1 va 2-shakllari) nusxasi (rezidentlar uchun hisobot qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi soliq organlarining tasdigʻi hamda moddiy va nomoddiy aktivlarga hisoblangan amortizatsiya va aktivlarni qayta baholash koʻrsatkichlari bilan birga).

Bunda:

  • talabgor tomonidan oʻz moliyaviy hisobotlari boʻyicha toʻlov qobiliyati yetarli boʻlmasa, taʼsischisi yoki benefitsiarining oxirgi 3 yillik moliyaviy hisoboti (buxgalteriya hisobotining 1 va 2-shakllari) nusxasini (rezidentlar uchun hisobot qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi soliq organlarining tasdigʻi hamda moddiy va nomoddiy aktivlarga hisoblangan amortizatsiya va aktivlarni qayta baholash koʻrsatkichlari bilan birga) taqdim etishi mumkin. Bunday hollarda taʼsischi yoki benefitsiarning talabgor manfaati uchun toʻlovlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiq xati ilova qilinishi shart;
  • talabgorning toʻlov qobiliyatining yetarliligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar (depozit sertifikati, bank kafolati). Bu hujjatlar talabgor tomonidan oʻzining moliyaviy hisobotlari boʻyicha toʻlov qobiliyati yetarli boʻlmagan hollarda taqdim etiladi.

Alohida shartlar:

  1. Futbol klubi faoliyatini rivojlantirish va xalqaro amaliyotni joriy etish yuzasidan eng maqbul strategiya loyihasi tanlab olinadi;
  2. Aktiv boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganda dastlabki toʻlov summasi 35 foizdan kam boʻlgan hollarda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanadi;
  3. Aktivni sotib olish boʻyicha birinchi bosqichda bitta taklif kelib tushgan hollarda, savdolar oʻtkazilmagan deb eʼtirof etiladi;
  4. talabgor davlat aktivini sotib olish toʻlovini bir oydan koʻp muddatlarda amalga oshirishni taklif etganda, uning narx taklifi ushbu muddatlarni inobatga olgan holda, belgilangan tartibda joriy qiymatga keltirib baholanadi;
  5. Savdo yakunlari boʻyicha savdo gʻolibi bilan Davaktiv agentligi tomonidan xabarnoma yuborilgandan keyin belgilangan tartibda oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtiriladi (fors-major holatlari bundan mustasno) va savdolarga qatnashish uchun toʻlangan zakalat puli davlat aktivi xarid toʻlovining bir qismi sifatida qabul qilinadi;
  6. Aktiv savdolari yakunlari boʻyicha gʻolib tomonidan toʻlanadigan xarid qiymatiga chegirma qoʻllanilmaydi;
  7. Savdolar yakunlari boʻyicha savdo gʻolibi tomonidan oldi-sotdi shartnomasini tuzish rad etilsa yoki undan voz kechilsa, u tomonidan toʻlangan zakalat puli miqdori qaytarilmaydi;
  8. Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasi yoki Ishchi organ oʻz xohishiga koʻra hech qanday majburiyatni oʻz zimmasiga olmagan holda, har qanday vaqtda savdoni toʻxtatishi hamda savdo jarayonida talabgorlardan qoʻshimcha va/yoki aniqlashtiruvchi maʼlumotlar soʻrashi mumkin.

Zakalat pulini toʻlash uchun "Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish" AJning maxsus hisob raqami:

Milliy valyutada: soʻmda

Qabul qilib oluvchi: “E-auksion” elektron savdo platformasi;
Oluvchining hisob raqami: 20210000000792302012;
Oluvchining banki: AT “Aloqabank” Amaliyot boshqarmasi;
STIR: 305004780;
Oluvchining bank kodi: 00401.

Toʻlovchi tomonidan toʻlov topshiriqnomasining “toʻlov maqsadi” qismida: davlat aktivining nomi koʻrsatilgan holda “zakalat puli” yozuvi yoziladi.

Chet el valyutasida: AQSH dollarida

Qabul qilib oluvchi: “E-auksion” elektron savdo platformasi;
h/r: 20210840800792302005 (AQSH dollari);
SWIFT: JSCLUZ22.

Toʻlovchi tomonidan toʻlov topshiriqnomasining “toʻlov maqsadi” qismida: davlat aktivining nomi koʻrsatilgan holda “zakalat puli” yozuvi yoziladi.

Ishchi organ – Davaktiv agentligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar:

Davaktiv agentligining manzili: 100000, Toshkent shahri, Amir Temur koʻchasi, 6-uy.

Qoʻshimcha maʼlumotlar uchun telefon raqam: (+99871) 259-21-50.

Veb-sayt: www.davaktiv.uz.

Hurmatli tadbirkorlar!

Savdo jarayoni boʻyicha taklif va eʼtirozlar yuzaga kelganda, Davaktiv agentligining +998-71-259-21-37 yoki qisqa 1082 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.

 

Eʼlonga 1-ilova

Yuridik shaxslar uchun ariza shakli (YUKLAB OLISH)

Eʼlonga 1 a-ilova

Jismoniy shaxslar uchun ariza shakli (YUKLAB OLISH)

Tartibning 2-ilovasi

Yuridik shaxslar uchun ariza shakli (YUKLAB OLISH)

Tartibning 2a-ilovasi

Jismoniy shaxslar uchun ariza shakli (YUKLAB OLISH)

 

8236 Chop etish