Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

31 Mart 2023

Moliyaviy tahlilchi Karen Srapionovning gazeta.uz saytida chop etilgan maqolasi yuzasidan raddiya

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tahlilchi Karen Srapionovning aksiya paketlari “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida mahalliy fond bozorida xalq IPOsini oʻtkazish tartibi asosida ommaviy savdolar orqali xususiylashtiriladigan korxonalar va xalq IPOsini oʻtkazish yuzasidan eʼlon qilingan maqolasi boʻyicha quyidagilar maʼlum qilinadi.

Karen Srapionov davlat ishtirokidagi 40 ta korxonalarning aksiya paketlari bilan xalq IPOsini oʻtkazish jarayoni bilan bogʻliq xavotirlarini toʻgʻri baholagan holda, Agentlik mamlakat fond bozori rivojlanishi va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.

Xususan, dastlabki IPO/SPOlar aynan davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli organ tashabbusi bilan amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, xalq IPOsini oʻtkazish yuzasidan ayrim tushunmovchiliklar va turli hil talqin qilinishini oldini olish maqsadida quyidagilarni bildirib oʻtmoqchimiz:

1. Korxonalarning aksiyalari bilan xalq IPOsini oʻtkazishdan asosiy maqsad ushbu jarayonlarga iloji boricha aholining keng qatlamini jalb qilish, aholi uchun qoʻshimcha daromad manbaini yaratish, ularda mulkdorlik hissini uygʻotish hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida aynan ushbu masala boʻyicha quyidagi fikrlar bildirilgan edi:

...“Bugun koʻnglimdagi bir niyatimni sizlarga ochiq aytmoqchiman. Mening katta niyatim – yurtdoshlarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo boʻlsin. Odamlarimiz oʻz omonatlarini investitsiya qilib, yuqori daromadlarga ega boʻlsin.

Shuning uchun topshiriq berdim: kelgusi yilda eng yirik 10 ta kompaniya va tijorat banklarimizning aksiyalari oʻz aholimiz uchun ochiq va shaffof savdoga chiqariladi.

Bu chinakam xalqchil IPO boʻlishiga ishonaman.”.

Shu nuqtayi nazardan, qaror bilan ushbu jarayonda bir marta “E-auksion” elektron savdo platformasi va uning mobil ilovasi imkoniyatlaridan foydalanilgan holda real vaqt rejimida aksiyalarga qiziqish bildirgan respublikaning barcha hududlaridagi aholining keng qatlamini qamrab olish nazarda tutilgan.

Bunda, yuqori daromadli, dividend toʻlash qobiliyatiga ega boʻlgan korxonalar tanlab olingan va ularning aksiyalarini savdoga chiqarish bosqichma-bosqich puxta tayyorgarlik koʻrish orqali amalga oshiriladi.

2. Xalq IPOsini oʻtkazishda “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish qulayliklari quyidagilar:

- aksiya sotib olish uchun investitsiya vositachisi (broker)ni yollash, ular bilan shartnoma tuzish, pasport maʼlumotlarini olish, mablagʻ oʻtkazish uchun hisob raqam ochish investorning bevosita ishtirokisiz masofadan turib amalga oshiriladi;

- investorlar buyurtmalarni 24/7 soat onlayn rejimida, jumladan mobil ilovasi orqali berish imkoniyati mavjud;

- investorlarni (mijozlarni) onlayn rejimda identifikatsiyalash imkoniyati mavjud.

Biroq, fond bozorida ushbu imkoniyatlarni yaratish, xususan yangi dasturiy taʼminotni yaratish koʻp vaqt va qoʻshimcha mablagʻ talab etiladi.

Yana bir misol, fond birjasining saytiga, 2022-yilda 113 ming foydalanuvchi tashrif buyurgan boʻlsa, “E-auksion” platformasiga 4,3 mln foydalanuvchi tashrif buyurib, savdo ishtirokchilari 1,3 mln.ni tashkil etgan.

3. Qarorda investitsiya vositachilari va anderrayterlarning ushbu jarayonlarda ishtirok etish huquqi toʻliq saqlanishi belgilangan.

Xususan, aksiya paketlarini sotish doirasida professional tashkilotlar jalb etilishi, investitsiya vositachilari bilan shartnoma tuzish va depo hisob raqam ochish imkoniyati yaratilishi, savdo platformasida barcha investitsiya vositachilari va ularning mijozlari ishtirok etishi uchun teng sharoitlar yaratilishi koʻrsatilgan.

Bunda, buyurtmalarni berish jarayonida ularga depo hisob-raqamlari ochish uchun investitsiya vositachilarini tanlash imkoniyati yaratiladi, buning uchun “E-auksion” elektron savdo platformasida yetarli resurs ham, imkoniyat ham mavjud.

4. “E-auksion” elektron savdo platformasida buyurtmalarni (aksiya uchun obuna) yigʻish fond birjasiga parallel savdo maydonchasini yoki “qora” bozorni shakllanishiga olib kelmaydi, chunki xalq IPOsining ikkilamchi oldi-sotdisi fond birjasida amalga oshiriladi.

Birlamchi bozorda qanchalik koʻp aholi aksiyalarni sotib olishi, keyinchalik ikkilamchi bozorda aksiyalar bilan bitimlarning koʻpayishiga va fond bozori aylanmasining ortishiga xizmat qiladi.

5. Hujjat loyihasi manfaatdor vazirlik, idoralar, xususan Strategik islohotlar agentligi bilan kelishilgan va joriy yil 21-fevralda Vazirlar Mahkamasida yangi tartibga asosan kollegial tarzda maʼqullangan.

6. Aksiyalarni sotish nafaqat anʼanaviy IPO oʻtkazish tartibida, balki korxonaga jalb etiladigan professional tashkilotlar bilan birgalikda alohida yondashuv asosida aksiyalarni SPO yoʻli bilan ham sotilishi mumkin.

Bu borada, fond bozorining professional ishtirokchilarini xalq IPOsini oʻtkazishda faol ishtirok etishga chorlab qolamiz va Agentlik doimo ular bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildiramiz.

7. “Qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysi” davlat korxonasini aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish va aksiyalarini ommaviy joylashtirish boʻyicha tadbirlar xalqaro tajribadan kelib chiqib, jamiyatni investitsion jozibadorligini oshirish, dasturiy taʼminotini modernizatsiya qilish kabi chora-tadbirlarni oʻtkazgan holda amalga oshiriladi.

8. Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzolarini saylash tartibi boʻyicha “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarni jamoatchilik vakillari bilan muxokama qilinmaganligi, minoritar aksiyadorlarning huquqlari cheklanganligi bildirilgan.

Ushbu hujjat loyihasi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi bilan kelishilgan va jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilgan (ID-52334).

Bundan tashqari, professional ishtirokchilar orasida ommalashgan “KorpInfo” Telegram kanali orqali muhokamada faol ishtirok etish soʻralgan, biroq professional ishtirokchilari hamda jamoatchilik vakillaridan bironta taklif va eʼtirozlar bildirilmagan.

Maʼlumot uchun: ushbu Qonun bilan minoritar aksiyadorlar huquqlarini taʼminlash maqsadida kuzatuv kengashining mustaqil aʼzoligiga nomzodlar, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan, qoida tariqasida, aksiyadorlar umumiy yigʻilishi koʻrib chiqishi uchun tanlov asosida koʻrsatilishi belgilab qoʻyilgan.

9. Muallifning “Kursiv” tahririyatiga korxonalarning dividendlarni taqsimlashda yangi amaliyot joriy etilishi boʻyicha bergan tushuntirishi, umuman asoslantirilmagan boʻlib, haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi Qarorida davlat ishtirokidagi korxonalarning davlat ulushi boʻyicha dividend miqdorini Agentlik bilan kelishilgan holda aksiyadorlar umumiy yigʻilishiga tavsiya etish talabi, faqatgina davlat nomidan saylangan nomzodlarga taalluqli boʻlib, dividendlarini taqsimlashda boshqa aksiyadorlarning huquqlarini buzish yoki ularga davlatga nisbatan kamroq yoxud oʻzgacha dividend hisoblash nazarda tutilmagan.

Xususan, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga koʻra dividendlarni toʻlash, miqdorini belgilash kuzatuv kengashining tavsiyasi mavjud boʻlgan taqdirda, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinishi (50-modda), bunda aksiyadorlarning teng huquqlariga rioya etilishi lozimligi (51-modda), davlat aksiyador sifatida boshqa aksiyadorlar bilan bir qatorda teng huquq va majburiyatlarga ega boʻlishi (111-modda) koʻrsatib oʻtilgan.

Ushbu tartibni joriy etilishi, korxonalardan dividendlarni asossiz undirilishi, ularning moliyaviy holatining yomonlashishi hamda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va modernizasiya ishlariga salbiy ta'siri oldi olinadi.

2075 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech