Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

09 Avgust 2020

Davlat ishtirokidagi korxonalar ijroiya organiga haq toʻlashning namunaviy tartibi tasdiqlandi

Davaktiv agentligi tomonidan “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat ishtirokidagi korxonalar ijroiya organiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish maqsadida ilgʻor xalqaro tajriba asosida Ijroiya organiga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom ishlab chiqildi.

Mazkur nizom mukofotlashning shaffof tizimiga asoslangan boʻlib, ijroiya organi rahbari va aʼzolariga ularning ish faoliyati natijalari, yoki samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari (KPI)ga bogʻlangan holda hamda jamiyat barqarorligini taʼminlashga qoʻshgan hissasiga mutanosib ravishda ragʻbatlantirish mablagʻlarini hisoblash tartibini belgilaydi.

Taʼkidlash joizki, ayrim hollarda har qanday ragʻbatlantirish toʻlovlari va bonuslarni hisoblash va toʻlashga yoʻl qoʻyilmasligi belgilandi. Masalan:

  • ijroiya organi faoliyati samaradorligi qoniqarsiz yoki past darajada baholanganda va/yoki ularning faoliyati umuman baholanmaganda;
  • ijroiya organi faoliyati samaradorligi natijalarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytida  eʼlon qilmaganda;
  • korxonaning faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan maʼlumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Davlat mulki” axborot tizimiga oʻz vaqtida taqdim etilmaganda va hk.

Yuqorida aytib oʻtilganidek, mazkur tartibni ishlab chiqishda ilgʻor xorijiy tajriba oʻrganib chiqilgan boʻlib, mamlakatimizning oʻziga xos xususiyatlari inobatga olingan. Shuningdek, ushbu hujjat xalqaro moliya institutlari va xorijiy ekspertlar bilan kelishilgan.

Haq toʻlashning adolatli va shaffof yondashuvlariga asoslangan mazkur nizomning davlat ishtirokidagi korxonalarda joriy etilishi korxonalar rahbarlarini munosib ragʻbatlantirish va malakali kadrlarni jalb qilish orqali samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.

444 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech