Tegishli xususiylashtirish dasturlari doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Davaktiv agentligi) “Farg‘onaazot” AJ (keyingi o‘rinlarda – Korxona) ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aksiyalar paketini xususiylashtirish bo‘yicha “Indorama Corporation Pte. Ltd” (Singapur) kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda – Investor) bilan kelishuvga (keyingi o‘rinlarda – Bitim) erishilganligini maʼlum qiladi.
Xususiylashtirish jarayoniga Deloitte xalqaro konsalting kompaniyasi yetakchi konsultant (keyingi o‘rinlarda – Konsultant), Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (IFC) strategik maslahatchi, KPMG xalqaro konsalting kompaniyasi esa mustaqil baholovchi sifatida jalb etildi.
Jarayon Davaktiv agentligining rasmiy saytlarida va ijtimoiy tarmoqlaridagi kanallarida yoritildi va axborot berib borildi.
2021 yil dekabr oyida boshlangan xususiylashtirish jarayoni doirasida, Konsultant tomonidan xalqaro darajadagi keng ko‘lamli marketing ishlari amalga oshirildi hamda investitsiya tizerlari Deloitte va IFCning keng tarmog‘i orqali salohiyatli xorijiy investorlarga (investor sounding) yuborildi. Shuningdek, xalqaro biznes matbuot nashrlarida, jumladan Financial Times gazetasining 2022 yil 27 iyun kungi maxsus sonida maqolalar chop etildi.
Natijada Konsultantga Korxonani sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish to‘g‘risidagi 10 ta arizalar (Express of Interest) kelib tushdi. Kelib tushgan barcha arizalar eʼlondagi malaka mezonlariga muvofiqligi, shu jumladan xalqaro sanksiyalar ro‘yxatida yo‘qligi bo‘yicha tahlil qilindi. Malakaviy o‘rganish natijalariga ko‘ra, 4 nafar talabgorlar arizalari mezonlarga to‘liq mos deb topildi va keyingi bosqichga o‘tkazildi.
Jarayonning dastlabki saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan barcha talabgorlarga, Konsultant tomonidan tayyorlangan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari bilan tanishish, Korxonaga tashrif buyurgan holda boshqaruv organi bilan uchrashish orqali Majburiyatga ega bo‘lgan takliflarini (Binding Offers) tayyorlash imkoniyati yaratildi.
Majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni qabul qilish natijasida, eng maqbul taklif Indorama Corporation Pte. Ltd (Singapur) tomonidan taqdim etildi. Taklifga ko‘ra sotib olish qiymati qariyib 140 million AQSH dollari (130 mln. AQSH dollari va 107 mlrd. so‘m)ni tashkil etadi, shuningdek, Investor tomonidan Korxonani modernizatsiya qilish uchun 100 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya kiritish majburiyati olinadi. Jarayon natijasida erishilgan narx parametrlari Konsultant tomonidan hisoblangan indikativ narxlar oralig‘ida joylashgan.
Deloitte va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (IFC)ning tahlillariga ko‘ra, jahon iqtisodiyotidagi noaniqlik, tovar bozorlaridagi turbulentlik va global retsessiyaning yuqori xavf-xatarlari yuzaga kelgan hozirgi sharoitda, narx parametrlarini haqli va O‘zbekiston iqtisodiyoti manfaatlariga muvofiqligi hisoblanadi. Shu bilan birga, mineral o‘g‘itlarning yirik xalqaro ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Indorama Corporation Pte. Ltd, Korxona ishlab chiqarish quvvatlarining umumiy eskirishi bugungi kunda 80% dan ortiq bo‘lgan hozirgi ahvolda uni mukammal modernizatsiya qilishga erishishi kutilmoqda.
Kelishilgan shartlarga ko‘ra, Investorning majburiyatlariga Korxonaning barcha joriy ijtimoiy dasturlarini saqlab qolinishi, jumladan, xodimlar sonini va ish haqlarini qisqartirmaslik, xodimlarning malakasini oshirish hamda zamonaviy ekologik nazorat tizimini ishlab chiqish kiradi.
Joriy yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Singapurga davlat tashrifi arafasida Singapurda tashkil etilgan Biznes-forumda “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aksiyalar paketi bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasining asosiy shartlari (Term sheet) to‘g‘risidagi Kelishuv imzolandi.
Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.
Bitimni to‘liq yakunlash uchun, Korxonaga ishlab chiqarish maqsadlari lozim bo‘lgan ehtiyojlarni, shu jumladan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning erkin bozorini yo‘lga qo‘yish va tabiiy gaz taʼminoti kabi masalalarning normativ huquqiy yechimini taʼminlash zarur bo‘ladi.
Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayonida ishtirok etgan barcha talabgorlarga, shuningdek, xususiylashtirish bo‘yicha konsultant Deloitte kompaniyasiga va strategik maslahatchi Xalqaro Moliya Korporatsiyasiga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.
Indorama Corporation to‘g‘risida qisqacha maʼlumot
Indorama Corporation – 38 ta mamlakatlarida 160 dan ortiq ishlab chiqarish maydonlariga ega xalqaro sanoat konglomeratidir. Indorama mineral o‘g‘itlar, polimerlar, sanoat kimyoviy moddalari, tolalar, to‘qimachilik mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi va tibbiy qo‘lqoplar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyalaridan bo‘lib, 45 mingdan ziyod xodimlarga ega. Kompaniya 2010 yildan buyon O‘zbekistonga faol sarmoya kiritib, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va o‘g‘it ishlab chiqarish sohalaridagi loyihalarni rivojlantirib kelmoqda hamda mazkur loyihalarda 3000 dan ziyod mahalliy ishchilar mehnat qilmoqda.