Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

16 Iyul 2024

“Oʻzbekinvest” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini xalqaro bozorlarda xususiylashtirish boʻyicha malakali professional konsalting kompaniyasini jalb qilish boʻyicha eʼlon

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Davaktiv agentligi/Buyurtmachi) Oʻzbekinvest” AJning ustav kapitalidagi 95,2 foiz davlat aksiyalar paketini (keyingi oʻrinlarda – Aktiv) xalqaro bozorlarda ommaviy savdolar orqali xususiylashtirilishini tashkillashtirish uchun xalqaro tajribaga ega malakali professional konsalting kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) jalb etish yuzasidan tanlov eʼlon qiladi.

Konsultant Aktivning tarmoq hamda individual xususiyatlaridan kelib chiqqan holda sotish jarayonini (M&A) ilgʻor xorijiy tajriba asosida xalqaro bozorlarda amalga oshirishi, shuningdek jahon yetakchi biznes nashrlari orqali xalqaro marketing kampaniyalarini tashkillashtirib, xalqaro institutsional va salohiyatli ishbilarmon doira vakillarini jalb etishi lozim.

Barcha qiziqish bildirgan talabgorlardan Taklif taqdim etish uchun soʻrovnomaga (RfP) asosan tijorat takliflarini 2024-yil 16-avgust kuni soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar tender@davaktiv.uz elektron pochtasiga taqdim etishlarini soʻraymiz.

Agar, birgalikda qoʻshma tijorat taklifi (konsorsium) taqdim etilsa, jalb qilingan sherik – konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun masʼul boʻlgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultant koʻrsatilishi lozim.

Konsultantlarning vakillari bilan Bitim boʻyicha ishlar yaqin hamkorlikda, zarur hollarda esa, Aktivda qoʻshimcha loyiha guruhini tuzish orqali amalga oshirilishi mumkinligi maʼlum qilinadi.

Ushbu loyiha doirasida qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi aloqa kanallariga murojaat qiling:

Talʼat Yuldashevich Samandarov – Davlat aktiv agentligi boshqarma boshligʻi

Telefon: +998-71-259-20-67;

E-mail: tender@davaktiv.uz

Diskleymer

Mazkur soʻrovnoma tijorat taklifini taqdim etish majburiyati hisoblanmaydi va Buyurtmachiga taklifni qabul qilish yoki shartnoma tuzish majburiyatini yuklamaydi. Shunga koʻra, takliflar uchun ushbu soʻrovnomani eʼlon qilish va/yoki u bilan bogʻliq arizalarni olish, bir yoki bir nechta ishtirokchilar bilan muzokaralar va muhokamalar orqali shartnoma tuzishni nazarda tutmaydi.

Ushbu hujjatda keltirilgan materiallar va maʼlumotlar loyihaning faqat eng muhim tomonlarining dastlabki xulosasi va Konsultantdan xususiylashtirish boʻyicha kutilishi mumkin boʻlgan ishlar hajmi toʻgʻrisida umumiy maʼlumot sifatida xizmat qilishiga moʻljallangan.

Tanlov ishtirokchilari tanlov jarayoni bilan bogʻliq holda Buyurtmachi uchun dastlabki taqdimotlar va takliflarni tayyorlashning yagona cheklangan maqsadidan tashqari, hech narsaga tayanolmaydilar va ishonmasliklari shart.

 

“Oʻzbekinvest” AJni xalqaro bozorlarda xususiylashtirish boʻyicha konsultantni jalb qilish yuzasidan taklif taqdim etish uchun soʻrovnoma (RfP)

Kirish

Xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “OʻzbekinvestAJning 95,2 foiz ulushi (keyingi oʻrinlarda – Bitim) xalqaro bozorlarda xususiylashtirilishi belgilangan.

Sotish jarayonlari “Oʻzbekinvest” AJning tarmoq va individual xususiyatlaridan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari doirasida eng maqbul xorijiy tajriba asosida tashkil etilishi lozim.

Buyurtmachi toʻgʻri qaror qabul qilishi uchun Aktivni mustaqil baholash ishlarini amalga oshiradi.

Ushbu Taklif taqdim etish uchun soʻrovnoma (keyingi oʻrinlarda – Soʻrovnoma) Konsultantga qoʻyiladigan talablarni va uning baholanishi kerak boʻlgan taklifining tuzilishini, shuningdek, ushbu Soʻrovnomaning ilovasida Bitimni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur ish hajmini tavsiflaydi. Konsultantlar konsorsiumga kirishlari yoki xizmatlarning toʻliq spektrini taqdim etish boʻyicha qoʻshma takliflar kiritishlari mumkin.

Aktiv toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot

“Oʻzbekinvest” AJumumiy sugʻurta sohasining barcha 17 ta klassi boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslarga sugʻurta xizmatlarini koʻrsatadi.

2022-yil dekabr oyida “Moodyʼs Investors Service Ltd.” tashkiloti kompaniyaning moliyaviy barqarorlik reytingini “Barqaror” prognozi bilan Ba3 darajasida tasdiqladi. Bu koʻrsatkich Oʻzbekiston bank-moliya sektori tuzilmalari orasida eng yuqori hisoblanadi.

Oʻzbekiston boʻylab Toshkent shahri, viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasida 14 ta filial, 200 dan ortiq tuman boʻlimlari, ulardan 26 ta shahar boʻlimlari, 800 nafardan ortiq sugʻurta agentlari mavjud.

Konsultantlardan kutilayotgan takliflar tuzilmasi va ularga qoʻyiladigan talablar.

Konsultantning (individual arizachi yoki Konsorsium) taklifi oʻzbek/rus/ingliz tilida tayyorlanishi va quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:

a) Aktivni xususiylashtirish shartlari va jarayonini tashkillashtirish boʻyicha konsultantning kelgusidagi harakatlar ketma-ketligini va ish koʻlamini oʻz ichiga olgan rejasi. Konsultantning tavsiyalari va takliflariga qisqa vaqt ichida tegishli javob berilgan taqdirda, xususiylashtirish jarayonning davomiyligi boʻyicha xulosasi (10 ballgacha);

b)Tijorat taklifi ikki qismdan iborat (50 ballgacha):

  • Xizmat haqining qatʼiy qismi yagona raqam shaklida (QQS va boshqa xarajatlar bilan birga) boʻlishi va konsultantning subyektiv taxminlaridan holi boʻlishi lozim;
  • Taklif etilgan haq miqdori ishlab chiqilgan savdo strategiyasiga bogʻliq va Buyurtmachi taklifning muvaffaqiyati uchun (“success fee”) mutanosib haq toʻlashni taʼminlaydigan takliflarga ustunlik beradi;
  • Agar xizmat haqi narxlar oraligʻida berilgan boʻlsa, unda taklifni baholash uchun uning yuqori chegarasi qabul qilinadi. Qoʻshimcha joriy xarajatlar (xizmat safari, tarjima va boshqalar uchun) belgilangan qatʼiy qismiga kiritilishi kerak;

v) Shu va boshqa toifadagi aktivlar doirasida tuzilgan bitimlar yuzasidan konsultantlarning ish tajribasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, 2017-yil 1-yanvar kunidan boshlab hozirgi davrga qadar xorijiy shu jumladan MDH mintaqasidagi mandatlar toʻgʻrisida maʼlumot (20 ballgacha);

g) Loyihani amalga oshirishdan kelib chiqib, Bitimni amalga oshirish yuzasidan ishlarni tashkil etish boʻyicha taklif. Taklif etilgan Bitimga jalb qilingan jamoa haqida maʼlumot, shaxslarning (jismoniy va yuridik) ismlari va ular haqidagi maʼlumotlar: ish tajribasi, faoliyat muddati, bitimlar tuzish boʻyicha umumiy tajriba va ularni amalga oshirish boʻyicha malakasi (20 ballgacha);

d) Qoʻyilgan vazifalarni bajarish uchun yetarli salohiyat va vakolatga egaligi, shuningdek, inson, vaqt va moddiy resurslarning mavjudligi toʻgʻrisida yozma ariza;

e) Manfaatlar toʻqnashuvi mavjud emasligi haqida maʼlumot. Maslahatchi ushbu savdoga jalb qilingan taqdirda ziddiyatlar olib kelishi mumkin boʻlgan hollarda potensial bitim boʻyicha salohiyatga ega ekanligini koʻrsatish.

Xususiylashtirish boʻyicha konsultantdan kutilayotgan ishlar hajmi

I. Sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi investorlarning qiziqishini oʻrganish:

  • Oʻzbekistonda va mintaqada sohani rivojlantirishdagi sharoitlarni va bozor tahlili, soha korxonalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar;
  • sohadagi institutsional investorlar, shu jumladan xalqaro investorlarning aktivni sotib olishga boʻlgan qiziqishini oʻrganish asosida sotish shakli, usuli va shartlarini ishlab chiqish;
  • boshqa (jumladan, qoʻshni) davlatlarda mazkur sohada amalga oshirilgan xususiylashtirish tajribasi tahlili, ushbu turdagi aktivning xususiylashtirishdagi muvaffaqiyatsizliklarining asosiy sabablari, kelgusida sohani rivojlantirish va muvaffaqiyatli xususiylashtirishni taʼminlovchi omillar;
  • amalga oshirilgan tahlillar asosida aktivning xususiylashtirish jarayonlarini xalqaro bozorlarda muvaffaqiyatli tashkillashtirish uchun lozim boʻlgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.

II. Aktivni sotishdan oldin tayyorlash boʻyicha maslahatlar:

  • Aktivning investitsiya jozibadorligini oshirish, eng ilgʻor xorijiy amaliyotlar va oʻxshash (analog) aktivlarning tahlili asosida tuzilma va boshqaruvni takomillashtirish boʻyicha takliflar;
  • Aktivning har tomonlama (soliq, huquqiy, moliyaviy va ekologik) chuqur tahlilini oʻtkazish (due diligence);
  • optimal xalqaro marketing strategiyasini ishlab chiqish, marketing materiallarini tayyorlash (tizer, info-memorandum, jarayon xati (Process letter) va boshqalar) va investorlar, shu jumladan xalqaro investorlar oʻrtasida axborot materiallarini tarqatish orqali individual muloqot oʻrnatish;
  • tayyorlangan marketing materiallarini, shu jumladan investitsiya videolari, tarqatma materiallarni tegishli nashrlarda hamda jahon yetakchi biznes nashrlarida chop etish;
  • jamoatchilik va tadbirkorlik subyektlari bilan aloqa oʻrnatish boʻyicha tavsiyalar taqdimoti, ularning savollariga javoblar;
  • baholash uslubini toʻgʻri tanlash va ularning investorlar uchun dolzarbligini belgilash, narx diapazoni boʻyicha tavsiyalarni taqdim etish;
  • investor nuqtai nazaridan baholashga taʼsir etuvchi asosiy omillar, asosiy koʻrsatkichlar va taxminlarni aniqlash;
  • loyiha doirasida boshqa malakali konsultantlarni jalb etish (zarur boʻlgan hollarda) va ularning ishini muvofiqlashtirish.

III. Bitim jarayoniga hamrohlik qilish:

  • Aktivni xususiylashtirishga qaratilgan barcha choralarni koʻrish, virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ni tashkil etish;
  • barcha zarur hujjatlarni, jumladan, bitimning asosiy shartlarini (Term sheet), oldi-sotdi shartnoma loyihasini tayyorlash bilan birga sotish jarayonida hamrohlik qilish;
  • Bitimni eʼlon qilish va yopishni tashkillashtirish.

 (1) Agar ariza konsorsium tomonidan taqdim etilgan taqdirda, konsorsium boʻyicha kelishuvni taqdim etish, shuningdek, muvofiqlashtiruvchi asosiy maslahatchi (odatda konsorsium rahbari deb ataladi) koʻrsatish lozim. Ushbu holatda xizmatlarning umumiy qiymati koʻrsatilishi kerak.

(2) Agar konsultantlarning takliflari “a”, “v” va “g” bandlarida koʻrsatilgan talablardan kelib chiqib 30 balldan kam baholansa, “b” bandida nazarda tutilgan baholash balli qoʻllanilmaydi.

280 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech