Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

18 Noyabr 2023

“YOʻLREFTRANS” AJni ustav kapitalidagi 51 foiz davlat ulushining xususiylashtirish jarayoni boshlanganligi toʻgʻrisida eʼlon

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – “Davaktiv agentligi”) tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “YOʻLREFTRANS” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – Aktiv) xususiylashtirish jarayoni boshlanganligini eʼlon qiladi.

Winvestment Consult va Kreston Tashkent konsorsiumi (keyingi oʻrinlarda – "Maslahatchi") ushbu Bitim boʻyicha Davaktiv agentligining xususiylashtirish boʻyicha maslahatchisi hisoblanadi.

Aktiv toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:

“YOʻLREFTRANS” AJ - yuklarni tashish boʻyicha mahalliy va xalqaro shaharlararo logistika xizmati, izotermik avtomobillarni ijaraga berish ishlarini tashkil qiluvchi kompaniya hisoblanadi.

Ustav fondi: 21,9 mlrd.soʻm;

Korxonaning yuridik manzili: Sirdaryo viloyati, Guliston tumani, Guliston koʻchasi, 351-uy.

Veb sahifasi: www.yolreftrans.uz.

Bitimni amalga oshirish jarayoni:

Davaktiv agentligi “YOʻLREFTRANS” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonlarini Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) qabul qilish bosqichidan boshlanishini e'lon qiladi.

Bunda:

1. Ushbu bosqich barcha talabgorlar uchun ochiq.

2. Qiziqish bildirgan barcha talabgorlar bilan Axborotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitim (NDA) imzolanadi va ularga Maslahatchi tomonidan tayyorlangan Aktivni sotib olish narxi bo‘yicha majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan ma'lumotlar to‘plami (Information Memorandum) hamda moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik bo‘yicha tahliliy hisobotlari bilan tanishish imkoniyati beradigan virtual ma'lumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati beriladi.

3. Talabgorlardan quyidagi ma'lumotlar bilan birga sotib olish bo‘yicha Majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni (BO) taqdim etishlari so‘raladi:

  • Ishtirokchi to‘g‘risida qisqacha ma'lumot (shu jumladan, STIR va faoliyat turi);
  • Ishtirokchi ustav kapitalida 5 foizdan ortiq ulushi mavjud aksiyadorlar/ta'sischilar (egalik ulushi ko‘rsatilgan holda) va yakuniy benefisiarlar to‘g‘risida ma'lumotlar;
  • Oxirgi 3 yilgi faoliyati bo‘yicha moliyaviy hisoboti (MHXS afzalroq);
  • Aktivni sotib olish bo‘yicha narx taklifi.

Talabgorlar Majburiyatga ega bo‘lgan takliflarini (BO2023-yil 25-dekabr soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar quyidagi elektron pochta manziliga yuborishlari lozim: info@winvest.uz.

Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar boʻyicha saralanadi:

  • davlat ulushini sotib olish uchun toʻlovga qobiliyatliligi;
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taʼqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.

Eslatib o‘tamiz, ushbu bosqich barcha Ishtirokchilar uchun ochiq!

Diskleymer

Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davaktiv agentligi, Winvestment Consult va Kompaniyani sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davaktiv agentligi va Winvestment Consult oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday holatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) turli xil manfaatdor shaxslar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi, Kompaniya va Winvestment Consult tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iii) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;

(iv) istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Bitimga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

1148 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech