Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

30 Mart 2023

“Qizilqum Fosforit Kompleksi” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushining xususiylashtirish jarayoni boshlanganligi to‘g‘risida e'lon

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda - “Davaktiv agentligi”) “Qizilqum Fosforit Kompleksi” MCHJni (keyingi oʻrinlarda - Aktiv) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonining sotib  olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichi boshlanganligini eʼlon qiladi (keyingi oʻrinlarda – “Bitim”).

“Orion Capital Advisory” (keyingi oʻrinlarda – maslahatchi) ushbu Bitim boʻyicha Davaktiv agentligining xususiylashtirish boʻyicha maslahatchisi hisoblanadi.

Aktiv toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot

“Qizilqum Fosforit Kompleksi» MCHJ – fosforit konsentrati va fosfor uni ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Fosforit konsentrati ishlab chiqarish sexi 1998-yilda tashkil etilgan boʻlib, Jeroy-Sardarin koni (Toshqoʻra rudnigi) negizida flyurapatit turidagi donali fosforit rudasini qayta ishlab, boyitishga moʻljallangan.

Ishlab chiqarish quvvati yiliga - 716,0 ming tonna;

Kompaniyaning yuridik manzili - Navoiy viloyati, Konimex tumani, Karak-ata MFY.

Bitimni amalga oshirish jarayoni

Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar (keyingi oʻrinlarda – “Talabgorlar”) uchun ochiq boʻlgan raqobat tamoyillariga asoslangan xususiylashtirish mexanizmi orqali amalga oshiriladi.

Talabgorlardan quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarini (Express of interest) taqdim etishlari soʻraladi:

  1. Ishtirokchi toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot (shu jumladan, STIR va faoliyat turi);
  2. Ishtirokchi ustav kapitalida 5 foizdan ortiq ulushi mavjud aksiyadorlar/taʼsischilar (egalik ulushi koʻrsatilgan holda) va yakuniy benefitsiarlar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
  3. Moliyaviy hisobot (oxirgi 3 yilgi faoliyati boʻyicha).

Qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi ariza Talabgorlarning xohishiga koʻra rus, oʻzbek yoki ingliz tillarida taqdim etilishi mumkin.

Talabgorlar qiziqish bildirishi toʻgʻrisidagi arizalarini 2023-yil 5-may 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar quyidagi elektron pochta manzillariga yuborishlari lozim: abdikali@ocapr.com va office@ocapr.com 

Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar boʻyicha saralanadi:

  • davlat ulushini sotib olish uchun toʻlovga qobiliyatliligi;
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasi asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.

Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarga xususiylashtirish jarayonlarining kelgusi Majburiyatga ega boʻlmagan taklif (NBO) qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilinadi hamda ularga ushbu bosqich jarayonlari toʻgʻrisidagi xat (Process Letter) yuboriladi.

Shu bilan birga, xususiylashtirish jarayonlarida kelgusidagi oʻz ishtirokini tasdiqlash uchun, ushbu talabgorlar bilan Axborotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)ni imzolash taklif etiladi, soʻngra ularga Maslahatchi tomonidan tayyorlangan Kompaniyani sotib olish narxi boʻyicha indikativ majburiyatga ega boʻlmagan takliflarni tayyorlash uchun zarur boʻlgan axborotni oʻz ichiga olgan dastlabki maʼlumotlar toʻplami (Information Memorandum) bilan tanishish imkoniyati beradigan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati yaratiladi.

Maslahatchi tomonidan talabgorlar takliflari savdo jarayonining ushbu bosqichida belgilangan talablarga, shu jumladan, ularning moliyaviy koʻrsatkichlari, toʻlovga qobiliyatlilik darajasi oʻrganiladi va uning tavsiyasiga asosan talabgorlar savdo jarayonlarining navbatdagi Majburiyatga ega boʻlgan takliflarni (BO) qabul qilish bosqichiga oʻtkaziladi.

Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) bosqichiga oʻtgan ishtirokchilarga Maslahatchi tomonidan tayyorlangan moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik boʻyicha tahliliy hisobotlardan foydalanish imkoniyati beriladi. Bundan tashqari, ishtirokchilar bevosita Kompaniyaga tashrif buyurish va Kompaniyaning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Narx taklifi va sotib olish-sotish shartnomasining kelishilgan shartlarini oʻz ichiga oluvchi eng yaxshi Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) taklif qilgan ishtirokchi gʻolib deb eʼlon qilinadi.

Qoʻshimcha maʼlumotlar uchun yuqorida keltirilgan aloqa kanaliga murojaat qilishingiz mumkin.

Diskleymer:

Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davaktiv agentligi, Orion Capital Advisory va Kompaniyani sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davaktiv agentligi va Orion Capital Advisory oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday holatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) turli xil manfaatdor shaxslar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi, Kompaniya va “Orion Capital Advisory” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iii) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish; va/yoki;

(iv) istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Bitimga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

2010 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech