Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

02 Oktyabr 2024

“Invest Group Centre” MCHJ ustav kapitalidagi davlat ulushining ochiq savdo jarayoni boshlanganligi toʻgʻrisida eʼlon

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi “Invest Group Centre” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – Aktiv) professional konsultant jalb qilgan holda ochiq savdo jarayonlari boshlanganligini eʼlon qiladi.

“Portfolio Investments” kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) ushbu xususiylashtirish jarayonini ilg‘or xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun Davaktiv agentligining xususiylashtirish boʻyicha konsultanti sifatida tanlab olindi.

Aktiv toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:

“Invest Group Centre” MChJ - 2008 yilda tashkil etilgan boʻlib, turli xil sport turlarini shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan sport inshootlarini boshqarish faoliyati bilan shug‘ullanadi.

  • Ustav fondi: 4,11 mlrd soʻm;
  • Jamiyat Toshkent shahri, Mirzo-Ulugʻbek tumani, Oqqoʻrgʻon koʻchasi 16-uy manzilida joylashgan;
  • Sport-sogʻlomlashtirish majmuasi, ochiq va yopiq turdagi suzish havzalari, sport mashgʻulotlari oʻtkazish uchun sport zallari, futbol maydonlari, sunʼiy qoplamali mini futbol maydoni hamda tenis kortini boshqarish bilan shug'ullanadi.

Sotish jarayoni toʻgʻrisida:

Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar (keyingi oʻrinlarda – Ishtirokchilar) uchun ochiq boʻlgan muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida tashkil etiladi.

Savdo jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi, jumladan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) hamda Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) taqdim etish bosqichlari.

Aktivni sotib olishga va uning keyingi faoliyatiga qoʻyiladigan shartlar:

  1. Aktiv va uning balansidagi sport-sog‘lomlashtirish majmuasining faoliyat turini kamida 10 (o‘n) yil muddat saqlab qolish;

  2. Aktiv balansidagi sport-sog‘lomlashtirish majmuasi hududida sport-sog‘lomlashtirish faoliyatiga to‘g‘ri kelmaydigan bino-inshootlarning qurilishiga yo‘l qo‘ymaslik (taʼmirlash ishlaridan tashqari), obyekt hududida har qanday taʼmirlash-tiklash ishlarini qatʼiyan shaharsozlik kengashining ruxsati bilan amalga oshirish.

Sotuv jarayonining Sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of Interest) bosqichini amalga oshirish toʻgʻrisida:

Ishtirokchilardan quyidagi maʼlumotlar bilan aktiv bo'yicha sotib olish yuzasidan qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarini (Express of interest) taqdim etishlari soʻraladi:

1. Talabgor jismoniy shaxs bo‘lganda: pasport/ID karta nusxasi, Aktivni sotib olish uchun moliyaviy imkoniyati to‘g‘risidagi maʼlumotlar;

2. Talabgor yuridik shaxs bo‘lganda:

  • korxona/firma to‘g‘risida maʼlumotlar, shu jumladan taʼsis hujjatlari (ustav) va faoliyat guvohnomasi nusʼhasi, STIR maʼlumoti;
  • taʼsischisi/ishtirokchisi, aksiyadori bir nafardan ko‘p bo‘lgan hollarda 5 foizdan ortiq ulushi mavjud taʼsischi/ishtirokchi/aksiyadorining ulushini ko‘rsatgan holda ularning har biri hamda yakuniy benefitsiari to‘g‘risida maʼlumot;
  • oxirgi 3 yillik moliyaviy hisoboti nusхasi (tashkil topganiga 3 yildan kam bo‘lgan hollarda, tashkil topgan davrdan boshlab faoliyati davridagi moliyaviy hisoboti nusxasi).

Talabgorlar qiziqish bildirishi toʻgʻrisidagi arizalarini xohishlariga koʻra oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlab 2024-yil 1-noyabr soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar munir.yakubov@piamg.uz elektron pochta manziliga yuborishlari lozim.

Ushbu savdo bosqichi doirasida, Konsultant tomonidan potensial investorlarni jalb qilish maqsadida investitsiya tizerlarini tarqatish ishlari amalga oshiriladi.

Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar boʻyicha saralanadi:

  • Aktivni sotib olish uchun moliyaviy resurslarining yetarliligi;
  • davlat ishtirokidagi korxona bo‘lmasligi (ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori 50 foizdan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyati yoxud ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori xo‘jalik jamiyatining boshqa har bir aksiyadori (ishtirokchisi) ulushiga nisbatan ko‘p bo‘lgan xo‘jalik jamiyati, shuningdek davlat unitar korxonasi);
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.

Ushbu loyiha doirasida qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi aloqa kanallariga murojaat qiling:

  • Munir Yakubov, “Portfolio Investments” kompaniyasi direktori: munir.yakubov@piamg.uz, tel. +998(90) 901-65-59.
  • Shoxruh Ohunov, Davaktiv agentligi departamenti boshligʻi: tender@davaktiv.uz, tel. +998(71) 259-20-23.

Oʻz navbatida, Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) bosqichiga oʻtgan talabgorlar bilan majburiyatga ega boʻlgan takliflarni taqdim etishlaridan avval taklif etiladigan qatʼiy narx taklifining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov (zakalat) sifatida amalga oshirilishi belgilanadi.

Sotish jarayonining barcha bosqichlarining natijalari boʻyicha Davaktiv agentligining rasmiy sahifalarida axborot berib boriladi va Konsultant tomonidan jarayonda ishtirok etgan talabgorlarning har biriga tegishli jarayon xati (Process Letter) orqali individual ravishda xabardor qilinadi.

Diskleymer

Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davaktiv agentligi, “Portfolio Investments” va Kompaniyani sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday holatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) turli xil manfaatdor shaxslar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi, Kompaniya va “Portfolio Investments” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iii) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;

(iv) istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Bitimga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi

8320 Chop etish