Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ ustav kapitalidagi 57,118 % ulushini “Coca-Cola İçecek A.Ş.” kompaniyalar guruhiga sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi
TOSHKENT, 2021-yil 6-avgust – O'zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MCHJ (Kompaniya) ustav kapitalidagi 57,118 % ulushini “Coca-Cola Icecek A.Ş.” (CCI) kompaniyalar guruhiga, unga to‘liqligicha qarashli bo‘lgan “CCI International Holland B.V.” sho’ba korxonasi orqali 252,28 million AQSh dollariga sotish (Bitim) bo‘yicha kelishuvga erishilganligini ma’lum qiladi.
Bitim Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o’tkazish bo’yicha Davlat komissiyasi tomonidan ma'qullangan. Bitimni yakunlash jarayoni tartibga soluvchi organlar tomonidan beriladigan muayyan ruxsatlar olinishini talab qiladi.
Mazkur bitim xalqaro amaliyotda qabul qilingan va O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablaridan kelib chiqib, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktyabrdagi PF–6096-son Farmoniga asosan, ommaviy oshkora sotuv jarayoni shaklida tashkil etildi.
Davlat ulushining mazkur sotuv jarayoni “Rothschild & Co” Agentlikning moliyaviy maslahatchisi, Dentons esa yuridik maslahatchisi sifatidagi ishtirokida amalga oshirildi.
Coca-Cola kompaniyasi haqida
“Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MCHJ – O'zbekistonda gazlangan alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya bo‘lib, u Toshkent, Namangan va Urganch shaharlarida ishlab chiqarish zavodlariga, shuningdek omborxonalar tarmog‘iga ega. 2020-yil yakunlari bo‘yicha Kompaniyaning sof foydasi 205 mlrd. so‘mni tashkil etgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Bitimning yakunlanishi bilan keng ommaga (jamoatchilikka) hamda ommaviy axborot vositalariga qo'shimcha axborot va bayonot beradi.