Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

10 Noyabr 2022

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasidagi davlat ulushini sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv agentligi) “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasining (Mehmonxona) balansda saqlovchisi “Poytaxt qurilish va xizmat” MCHJning ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini 87,0 mln. dollarga “Abu Dhabi Uzbek Investment” MCHJ QK (Xaridor) ga sotish bo‘yicha kelishuvga erishilganligini maʼlum qiladi.

Sotuv jarayonida "KPMG Valuation and Consulting" MCHJ xalqaro konsalting kompaniyasi Davaktiv agentligining xususiylashtirish bo‘yicha konsultanti vazifasini bajardi, aksiyalar paketini mustaqil baholash xalqaro baholovchi kompaniya “PricewaterhouseCoopers” MCHJ tomonidan amalga oshirildi.

Xalqaro konsultant va Davaktiv agentligi tomonidan xususiylashtirish jarayoni doirasida ham mahalliy, ham xalqaro darajada keng ko‘lamli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan investitsiya tizerlari konsultantning dunyodagi mintaqaviy ofislar tarmog‘i orqali turli xorijiy investorlarga (investor sounding) yuborildi.

Natijada Amerika, Osiyo, Yevropa va O‘zbekistondagi investorlardan sotib olish bo‘yicha qiziqish to‘g‘risda 5 ta arizalari (Express of Interest) kelib tushdi.

Saralash natijalariga ko‘ra, belgilangan malaka mezonlariga muvofiq bo‘lgan talabgorlar xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega bo‘lmagan takliflar (NBO)ni taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilindi hamda axborot memorandumi, moliyaviy model va boshqa hujjatlar taqdim etildi.

Natijada, 3 ta investor majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO)ni qabul qilishning yakuniy bosqichida ishtirok etdi va ularga xalqaro konsultant tomonidan tayyorlangan mehmonxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, barcha talabgorlarga mehmonxonaning boshqaruv organi bilan uchrashuvlar tashkil etildi hamda mehmonxona bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

Shunga ko‘ra, kelib tushgan Majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni belgilangan malaka mezonlariga muvofiqligi, mintaqadagi ish faoliyati, Bitimni yopish shartlari va Mehmoxonaning baholangan qiymatidan yuqoriligi bo‘yicha eng yaxshi xarid qiymatini taqdim etgan Abu Dhabi Uzbek Investment” MCHJ QK xalqaro tender natijalari bo‘yicha g‘olib deb topildi.

“Abu Dhabi Uzbek Investment” MCHJ QKning taklifi xalqaro konsultant tomonidan hisoblangan mehmonxonaning indikativ narxlar oralig‘ining yuqori qismida joylashgan hamda mehmonxonaning baholangan qiymatidan ancha yuqori bo‘lib, Bitim talabgor tomonidan sotib olish to‘loviga qo‘shimcha ravishda Mehmonxonani rivojlantirish uchun 12 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish majburiyati bilan birga to‘lovni to‘liq bir yo‘la to‘lash orqali amalga oshiriladi.

Taʼkidlash joizki, Oldi-sotdi shartnomasi Bitimning tegishli shartlari kelishilganidan so‘ng, “Poytaxt qurilish va xizmat” MCHJ va “Hyatt International” o‘rtasida 2013 yilda tuzilan shartnomaga muvofiq Hyatt International Limited (Europe Africa Middle East) xalqaro mehmonxona boshqaruvi tarmog‘i tomonidan g‘olib maʼqullangandan keyin imzolanadi.

Maʼlumot uchun: “Abu Dhabi Uzbek Investment” (BAA-O‘zbekison) 1 milliard AQSH dollariga teng kapitalga ega bo‘lgan investitsiya kompaniyasi bo‘lib, uning maqsadi O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan loyihalarga sarmoya kiritishdir. Kompaniya hozirgacha O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga 100 million AQSH dollardan ortiq sarmoya kiritgan. Ushbu investitsiya kompaniyasi portfeli 300 million AQSH dollardan ortiq loyihalarni o‘z ichiga oladi, ularning yakuniy maqsadi yaqin yillarda
1 milliard dollardan ortiq investitsiyalarni jalb etishdir. Kompaniya O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (UFRD) hamda BAAning Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi (ADFD) tomonidan tashkil etilgan.

Besh yulduzli «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasi 2016 yilda Toshkent markazida faoliyat boshlagan va O‘zbekistondagi xalqaro Hyatt brendining birinchi mehmonxonasiga aylangan. Umumiy yer maydoni - 3,1 ga, bino va inshootlar qurilish osti maydoni - 60,1 ming kv.metrni tashkil etadi. Mehmonxona 8 qavatdan iborat, mehmonlar uchun 300 ta xonalar, jumladan 248 standart va 52 lyuks/polulyuks xonalar mavjud. Mehmonxona hududida xalqaro sifat standartlariga muvofiq jihozlangan turli sig‘imdagi bir nechta konferensiya zallari, shuningdek, 850 kv.m maydonga ega banket zali, yopiq basseyn va SPA markazi mavjud.

4392 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech