Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

13 Dekabr 2023

Davlat aktivlarini boshqarish sohasidagi xalqaro hamkorlik

Germaniya Federal Moliya vazirligi hamda Davaktiv agentligi oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Davaktiv agentligi vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari joriy yilning 2-9-dekabr kunlari Germaniya Federativ Respublikasida tashrif bilan boʻldilar.

Mazkur memonrandum doirasida Germaniya Federal Moliya vazirligi texnik koʻmagi asosida jalb etilgan ekspertlar bilan hamkorlikda “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlari hamda Korporativ boshqaruv kodeksi ishlab chiqilgan.

Germaniya xususiylashtirish jarayonlarini oʻtgan davlat boʻlib, davlat tasarrufida qolgan aktivlarni boshqarishda katta tajribaga ega. 

Germaniya Federal Moliya vazirligining Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan tashkil qilingan ushbu tashrif germaniyalik hamkorlar, shuningdek “Indecon consulting” kompaniyasi ekspertlari ishtirokida joriy yil 9-11-oktabr kunlari Davaktiv agentligida oʻtkazilgan davlat aktivlarini samarali boshqarish, korporativ boshqaruvning ilgʻor tajribalari va xususiylashtirish masalalariga bagʻishlangan seminarlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari Germaniyaning Federal Moliya vazirligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Saksoniya Savdo va Investitsiya departamenti faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, “Deutsche Bahn”, “Volkswagen” va “Toll collect” kompaniyalariga tashrif buyurgan holda ularning faoliyati, korporativ boshqaruv tizimini tashkil etilganligi va transformatsiya jarayonlari boʻyicha istiqboldagi rejalari oʻrganildi.

Uchrashuvning markaziy mavzusi boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi davlat mulkini boshqarish siyosatini yurituvchi Federal moliya vazirligi masʼul xodimlari, Indecon consulting kompaniyasi ekspertlari bilan birgalikda keng muhokama qilindi hamda davlat mulkini boshqarish sohasi boʻyicha tajriba almashildi.

Shu bilan birga, delegatsiya aʼzolari korporativ boshqaruv sohasiga kirib kelayotgan yangi tendensiyalar, jumladan CSR (korporativ ijtimoiy masʼuliyat), ESG (ekologiya, ijtimoiy siyosat va korporativ boshqaruv), SDG (barqaror rivojlanish maqsadlari) tamoyillari, davlat aktivlarini boshqarishda yuqori darajada hisobdorlik va shaffoflikni taʼminlash, davlat tashkilotlari tomonidan foydalanishda boʻlgan koʻchmas mulk obyektlaridan samarali foydalanish tajribasi bilan yaqindan tanishib chiqdilar.

Tashrif davomida kelajakda davlat aktivlarini boshqarish sohasida eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni tatbiq etib borish, bu yoʻnalishdagi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida Germaniya Federal Moliya vazirligi bilan muloqotlarni davom ettirish, shuningdek, Korporativ boshqaruv kodeksining yangi tahririni hamkorlikda ishlab chiqishga kelishib olindi.

Yuqorida qayd etilgan doʻstona va hamkorlik munosabatlari mamlakatimiz iqtisodiyoti oʻsishiga, jumladan davlat ishtirokidagi korxonalarning barqaror rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

1669 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech