Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

08 Mart 2024

8-mart – Xalqaro  xotin-qizlar bayramiga bagʻishlangan tadbir

8-mart - Xalqaro xotin-qizlar bayrami kuni goʻzal va betakror yurtimizga bahor nafasi kirib kelganidan darak beradi. Qutlugʻ sanada xotin-qizlarga ehtirom koʻrsatish anʼanasi yil sayin umumdavlat ahamiyatiga ega boʻlib, yuqori maqom darajasiga koʻtarilmoqda.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida ham 8-martXalqaro xotin-qizlar kuni nishonlandi va bayram tadbiri tashkil qilindi.

Ayol azaldan mehr-shafqat va sadoqat timsoli boʻlib kelgan. Inson, oila, ayol tushunchalarini bir-biridan ajralgan holda tasavvur etib boʻlmaydi. Oilani ham, jamiyatni ham birlashtirib, unga fayzu barokot kiritadigan xonadonlarimizni mehr-muhabbat, nafosat, ezgulik nuri bilan munavvar qiladigan zotlar ham aslida moʻtabar onalarimiz, munis opa-singillarimizdir. Ulugʻ donishmandlar Vatanga eng munosib taʼrif izlaganda, uni Ona siymosiga qiyos etganlarida katta maʼno bor.

Xalqimizning buyuk tarixida oʻzining jasorat va matonati, aql-zakovati, nafosat va nazokati bilan oʻchmas nom qoldirgan Toʻmaris, Bibixonim, Gulbadanbegim, Zebuniso, Nodira, Uvaysiy, Anbar Otin va boshqa yuzlab ayollarimizni hamisha ehtirom bilan tilga olamiz. Ayollarga boʻlgan cheksiz hurmat-ehtiromimizning yana bir sababi shundaki, ayol avvalo har bir insonning beshigini tebratadigan, uning yuragiga odamiylik fazilatlarini singdiradigan, uni hayot boʻronlaridan asrab-avaylaydigan fidoiy insondir. 

Tadbirda soʻzga chiqqanlar goʻzal ayollarni va opa-singillarimizni bahor va nafosat ayyomi boʻlmish bayram bilan tabriklab, ularga uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, bahoriy kayfiyat hamroh boʻlishini tilab qoldilar va ayollarga bagʻishlangan tabrik sherlarini eshittirdilar.

1119 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech