Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

20 Avgust 2022

“YAGONA UMUMRESPUBLIKA PROSESSING MARKAZI” MChJdagi davlatga qarashli ulushlarni xususiylashtirishga tayyorgarlik koʼrish jarayonlari toʼgʼrisida axborot

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “YAGONA UMUMRESPUBLIKA PROSESSING MARKAZI” MChJ (keyingi oʼrinlarda – Jamiyat) ustav kapitalidagi tegishli banklar (5 ta davlat banki)ning jami 75,0 % ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʼtkazilgan.

Unga koʼra, mazkur ulushdan samarali foydalanish va sotish masalasi Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʼtkazish boʼyicha davlat komissiyasi (keyingi oʼrinlarda – Davlat tender komissiyasi) qarori asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Oʼtgan davrda Jamiyat ustav kapitalidagi tegishli banklar (5 ta davlat banki)ning jami 75,0 % ulushi banklar boshqaruv organlarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan qarorlariga koʼra Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʼtkazilgan.

Davlat tender komissiyasi tomonidan Jamiyatdagi 75 % davlat ulushi mustaqil baholash tashkilotini jalb etgan holda baholatib sotilishi toʼgʼrisida tegishli qaror qabul qilingan.

Taʼkidlash joizki, Oʼzbekiston Respublikasining “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʼshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʼgʼrisida”gi Qonunining 20-moddasida masʼuliyati cheklangan jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav kapitalidagi ulushini jamiyatning boshqa ishtirokchilariga va uchinchi shaxslarga oʼtish tartibi belgilangan va uning:

toʼrtinchi qismiga koʼra, Jamiyat ishtirokchilaridan birortasi tomonidan sotilayotgan ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda jamiyat ishtirokchilari uchinchi shaxslar oldida imtiyozli huquqdan foydalanadi. Bunday huquqdan jamiyatning har bir ishtirokchisi foydalanishi mumkin. Аgar jamiyatning ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida imtiyozli huquqni amalga oshirish uchun ulushni sotib olishning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan boʼlsa, jamiyat ishtirokchilari tomonidan ulushni (ulushning bir qismini) sotib olish ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʼz ulushlari miqdorlariga mutanosib ravishda amalga oshiriladi;

oltinchi qismiga koʼra:

– oʼz ulushini (ulushining bir qismini) uchinchi shaxsga sotish niyatida boʼlgan jamiyat ishtirokchisi ulushning (ulushning bir qismining) sotilish bahosini va boshqa shartlarni koʼrsatgan holda, bu haqda jamiyatning qolgan ishtirokchilarini va jamiyatning oʼzini yozma shaklda xabardor qilishi shartligi;

– ulushni imtiyozli sotib olish huquqini amalga oshirish istagida boʼlgan jamiyat ishtirokchisi oʼz ulushini sotishni taklif etayotgan jamiyat ishtirokchisini xabardor qilishi kerakligi;

– agar kelib tushgan takliflarning umumiy miqdori sotilayotgan ulushning miqdoridan oshmasa, ishtirokchilardan har biri ulushning oʼz xabarnomasida koʼrsatgan qismini sotib olishi;

- agar kelib tushgan takliflarning umumiy miqdori sotilayotgan ulush miqdoridan oshsa, ishtirokchilar, agar jamiyatning ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida boshqacha taqsimlash nazarda tutilmagan boʼlsa, ustav fondidagi oʼz ulushlari miqdorlariga mutanosib ravishda sotib olishi tartiblari nazarda tutilgan.

Oʼz navbatida, Oʼzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʼgʼrisida”gi Qonuni hamda Mulkni baholash milliy standartining talablariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan jalb etilgan mustaqil baholovchi tashkilot tomonidan Jamiyatning ustav kapitalidagi davlat ulushini baholash toʼgʼrisidagi hisoboti tayyorlandi hamda ushbu hisobotning haqqoniyligi ekspertizadan oʼtkazildi.

Ushbudan kelib chiqib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Jamiyat ustav kapitalidagi 75 % davlat ulushini sotish uchun “Masʼuliyati cheklangan va qoʼshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʼgʼrisida”gi Qonunning 20-moddasi talablariga muvofiq davlat ulushini sotib olishda imtiyozli huquqdan foydalanishlari mumkinligi toʼgʼrisida jamiyatning qolgan ishtirokchilarini hamda jamiyatning oʼzini yozma ravishda xabardor qiladi.

Jamiyatning boshqa ishtirokchilari tomonidan sotib olishdagi imtiyozli huquqdan foydalanilmagan taqdirda ushbu davlat ulushini belgilangan tartibda ommaviy savdolar orqali sotish choralari koʼriladi va bu toʼgʼrisida qoʼshimcha axborot beriladi.

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining
Matbuot xizmati

3310 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech