Joriy yilning 2-fevral kuni "PricewaterhouseCoopers" (PwC) xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan Davaktiv agentligi xodimlari uchun "PwC" kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori Sergey Luzan va "PwC" kompaniyasining O‘zbekistondagi maslahat xizmatlari bo‘yicha direktori Yermek Jakeev ishtirokida "Investitsion loyihalarni moliyalashtirish" mavzusida seminar tashkil etildi. Tadbirni Davaktiv agentligi direktori o‘rinbosari Bekzod Usmonov ochib berdi.
Ma'lumot uchun: PwC – audit, soliq va konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi xalqaro kompaniyalar tarmog‘i hisoblanadi.
Mazkur seminar "Katta to‘rtlik" (Big 4) turkumiga kiruvchi xalqaro audit va konsalting kompaniyalari tomonidan Davaktiv agentligi xodimlarini malakasini oshirish dasturlari doirasida tashkil etilgan. Bundan avval shu kabi seminarlar "KPMG" va "Deloitte" xalqaro konsalting kompaniyalari tomonidan ham o‘tkazilgan edi.
Tadbirda investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning amaliy masalalari, korxonalarning investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar, hamda mazkur vositalarni Davaktiv agentligi faoliyatiga samarali tatbiq etish imkoniyatlariga e'tibor qaratildi.
O‘zbekistonda kompaniyalar tomonidan davlat aktivlarini joriy etish va samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini inobatga olinib, mazkur masala bo‘yicha xalqaro tajriba almashish maqsadida Davaktiv agentligi xodimlari bilan interaktiv muloqot o‘tkazildi.
Seminar doirasida PwC ekspertlari seminar ishtirokchilari bilan investitsiya loyihalarini tahlil qilish yondashuvlarini, investorlar, kreditorlar va davlat tashkilotlari tomonidan investitsiya jozibadorligini oshirish tartibini ham muhokama qildilar.
Ishtirokchilar O‘zbekistonda investitsiyalar, xususiylashtirish, davlat-xususiy sheriklik sohasidagi qonunchilik va me'yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar uchun seminarning samaradorligini ta'kidladilar.