Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

21 May 2024

Kun.uz ijtimoiy tarmoq sahifalarida “Oʻzbekneftegaz” AJ tarkibidagi “Shoʻrtangazkimyo majmuasi” MCHJ tasarrufidagi bolalar bogʻchalarini xususiylashtirilishi yuzasidan bildirilgan fikrlarga DAVAKTIV AGENTLIGINING RASMIY MUNOSABATI

Soʻnggi yillarda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish yoʻnalishida qabul qilingan qarorlarga asosan davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan asosiy faoliyatiga xos boʻlmagan aktivlarni aniqlash va ularni korxonalar tasarrufidan chiqarish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.

“Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq har yili oʻtkaziladigan tahlil va yalpi xatlov natijalari boʻyicha xususiylashtirish dasturi ishlab chiqiladi.

Jumladan, 2023-yilda oʻtkazilgan tahlil va xatlov natijalari boʻyicha 2024-yilgi xususiylashtirish dasturi tasdiqlangan hamda unda 250 ga yaqin davlat korxonalari va ularning ulushlari, 1 000 dan ortiq koʻchmas mulk obyektlari roʻyxati tasdiqlangan.

Xususan, “Oʻzbekneftegaz” AJning bugungi kunda bozorda xususiy tadbirkorlar faoliyat koʻrsatayotgan va faoliyatiga xos boʻlmagan 23 ta aktivlari dasturga kiritilgan. Ulardan 4 tasi jamiyat tizim korxonasining bolalar bogʻchasi hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, xususiylashtirish dasturi qarorida ijtimoiy soha obyektlarini sotish muddati va shartlari, shu jumladan faoliyat turini saqlash shartlari Davlat mulkini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha komissiyasi tomonidan belgilanishi koʻrsatilgan.

Ushbularga koʻra, mazkur bolalar bogʻchalarining uzluksiz va samarali faoliyatini taʼminlash boʻyicha aniq choralarni belgilash ishlari yakunlanmagunga qadar, ular ommaviy savdolarga chiqarilmaydi va “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJning 4 ta bolalar bogʻchasi sotilmaydi, hozircha korxona ixtiyorida qoldiriladi.

Shu oʻrinda, qoʻshimcha ravishda taʼkidlash zarurki xususiylashtirish dasturida avval (sobiq) ijtimoiy soha obyekti boʻlgan boʻsh turgan obyektlar tegishli soha vazirligi bilan kelishilgan holda dasturga kiritilgan, alohida eʼtiborli tomoni shundaki, bunday sobiq ijtimoiy soha obyektlari taʼlim, maktabgacha taʼlim, sogʻliqni saqlash sohasida xususiy muassasalarini tashkil etish sharti bilan xususiylashtirilishi belgilab qoʻyilgan.

1267 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech