Joriy yil 28-abgustda Davaktiv agentligining butun jamoasi ishtirokida “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilgan Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” 2024-yil 18-iyuldagi 264-son qarorida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, atoqli ilm-fan namoyondalari, madaniyat va san’at arboblari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etish, keksa avlod vakillari, ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylarini xar tomonlama e’zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga moddiy yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq qator tadbirlar belgilangan.
“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tgan tadbirga “Do‘stlik” ordeni sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi, shoir Bobur Bobomurod hamda “Ma’rifat”targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi, estrada xonandasi Jasur Rahimovlar tashrif buyurishdi.
Tadbirda so‘z olgan shoir Bobur Bobomurod istiqlolga, taraqqiyotga o‘z-o‘zidan erishilmagani, ushbu muborak kunda xalqning erki, ozodligi, millatning farovonligi orzusida kurashgan ajdodlarimiz jasorati haqida gapirdi. Mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yib, barcha soha va tarmoqlarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda, demokratik yangilanish jarayonlari kechmoqda. O‘tgan davr erkin va farovon hayotni, buyuk kelajakni faqat va faqat mustaqillik asosidagina qurish mumkinligini ko‘rsatdi. Tarixiy adolat, haqiqatning tiklanishi tufayli milliy istiqlolimiz yo‘lida jonini fido qilgan qatag‘on qurbonlari, taraqqiyparvar jadidlar nomlari tiklandi. Millat iftixori bo‘lgan bobokalonlarimizning Vatan tinchligi va ozodligi yo‘lidagi kurashi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida vatan, mustaqillik, inson qadri, ota-onaga hurmat kabi fazilatlarni ulug‘lovchi she’r va kuy-qo‘shiqlar kuylandi.