Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

04 Oktyabr 2024

“Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududidagi 3 ta koʻp qavatli biznes markazlarining xalqaro savdo jarayoni yuzasidan axborot

Avval xabar berilganidek, Davaktiv agentligi tomonidan "Asakabank" AJ, "Oʻzsanoatqurilishbank" ATB va AT "Aloqabank"ga tegishli “Toshkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududidagi yangi koʻp qavatli biznes markazlarini (keyingi oʻrinlarda – “Biznes markazlar”) xalqaro savdo jarayonining Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichi boshlangan.

Ushbu Biznes markazlarini xususiylashtirish jarayonini ilgʻor xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun “KPMG” xalqaro kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) xususiylashtirish boʻyicha Konsultant hamda “Deloitte” xalqaro kompaniyasi mustaqil baholovchi sifatida jalb etilgan.

Mazkur bosqich doirasida Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, “KPMG” kompaniyasining xalqaro investorlar tarmogʻi orqali Biznes markazlar toʻgʻrisidagi investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 4 nafar Yevropa Ittifoqi, BAA va Turkiya davlatlaridan boʻlgan talabgorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar Konsultantga kelib tushgan.

Konsultant tomonidan kelib tushgan barcha arizalar avval maʼlum qilingan quyidagi mezonlar asosida oʻrganib chiqilgan:

  • Biznes markazlarni sotib olish uchun moliyaviy resurslarining yetarliligi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan kompaniya boʻlmasligi;
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taʼqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.

Konsultant tomonidan kelib tushgan arizalarni oʻrganish natijasida yuqoridagi mezon talablariga muvofiq keladigan 4 nafar talabgorni xususiylashtirish jarayonining navbatdagi bosqichiga oʻtkazish hamda raqobat muhitini yanada oshirish maqsadida marketing ishlarini davom ettirgan holda yanada koʻproq salohiyatli investorlarni ham savdo jarayonlariga jalb etish tavsiya etilgan.

Konsultant tomonidan  Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichida ariza bergan barcha talabgorlarga individual ravishda xabarnoma yuboriladi, shuningdek, avval maʼlum qilingan mezon talablariga muvofiq deb topilgan nafar talabgorlarga esa jarayon xati “Process letter” orqali navbatdagi bosqich toʻgʻrisida batafsil maʼlumot beriladi.

Shu bilan birga, Konsultant tomonidan raqobat muhitini taʼminlash maqsadida savdo jarayonlariga yanada koʻproq salohiyatli investorlarni jalb qilish ishlari parallel ravishda amalga oshiriladi va Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) boʻyicha arizalarni qabul qilish davom ettiriladi.

Ushbu loyiha doirasida qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi aloqa kanallariga murojaat qiling:

 Navbatdagi bosqich toʻgʻrisida maʼlumot:

Talabgorlarga Majburiyatga ega boʻlgan takliflarini (BO) tayyorlash uchun Aktiv toʻgʻrisidagi Axborotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)ni imzolagan holda Konsultant tomonidan tayyorlangan Biznes markazlarning moliyaviy, yuridik va operatsion faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, analitik hisobotlar joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish, Biznes markazlarini joyiga chiqqan holda oʻrganish imkoniyati beriladi.

Konsultant tomonidan Biznes markazlarni sotib olish narxi boʻyicha Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO2024-yil 25-noyabr soat 23:59 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qabul qilinadi.

Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan kelgusidagi konstruktiv hamkorlikni shaffof muhitda davom ettiradi.

Diskleymer:

Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davaktiv agentligi va “KPMG”ning Aktivni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davaktiv agentligi va “KPMG” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi va “KPMG” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iii) aniq bir sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;

(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni olib borish/tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

7210 Chop etish