Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

11 Mart 2023

Don korxonalarini xususiylashtirish jarayonlaridagi ilk natijalarga erishildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Gʻalla yetishtirish va sotishda erkin raqobatni taʼminlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish toʻgʻrisida” 2021-yil 15-noyabrdagi PQ-10-son qaroriga muvofiq don korxonalarini xususiylashtirish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan.

Shunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 18-martdagi PQ-168-son qaroriga asosan don korxonalarini ommaviy savdolar orqali bosqichma-bosqich xususiylashtirish jarayonlari boshlangan.

Ushbu qarorlar ijrosini taʼminlash maqsadida, Davaktiv agentligining 2022 yil 30 iyuldagi eʼloniga muvofiq, don korxonalari boʻyicha savdo jarayonlari 2 bosqichda tashkil etilib, talabgorlardan tijorat takliflari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali elektron koʻrinishda qabul qilingan hamda umumlashtirilgan holda koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasiga kiritilgan.

Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha boshlangan ishlarni mantiqiy davomi sifatida Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasining tegishli qaroriga asosan:

“Oxangaron don” AJning 56,8 foiz aksiyalar paketi boʻyicha eng yaxshi tijorat taklifini taqdim etgan “UCHKOʻPRIK GʻALLA KLASTER” MChJ 131,0 mlrd.soʻm xarid qiymatini toʻlash sharti bilan;

“Andijondonmahsulot” AJning 51,0 foiz aksiyalar paketi boʻyicha eng yaxshi tijorat taklifini taqdim etgan “DIMINUR GROUP” MChJ 58,0 mlrd.soʻm xarid qiymatini toʻlash sharti bilan savdo gʻoliblari deb topilgan.

Oʻz navbatida, savdo gʻoliblari kamida 5 yil davomida don korxonalarining asosiy faoliyat turini saqlab qolish, mavjud don saqlash sigʻimlarini kamaytirmaslik hamda qonunchilikda belgilangan tartibda davlat zaxirasi uchun saqlanadigan don hajmlarini shartnomalar asosida haq toʻlash evaziga saqlab berish majburiyatini olishi belgilangan.

Shu bilan birga, yuqoridagi qarorlarga asosan qolgan don korxonalari boʻyicha xususiylashtirish jarayonlari davom ettirilmoqda.

2710 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech