Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, joriy yilning 20-sentyabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Davaktiv agentligi)ning rasmiy veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon koʻchasi, 41 va 42-uy manzilida joylashgan mulkiy majmualar (keyingi oʻrinda – obyekt)ni sotib olishga talabgorlardan eng maqbul takliflarni qabul qilish jarayoni toʻgʻrisida eʼlon berilgan.
Madaniy meros agentligi tomonidan bugun – joriy yil 22-sentyabr sanasi bilan roʻyxatga olingan (Agentlik tomonidan 21-sentyabr kuni deb bayonot berilgan) obyektni auksion savdolaridan olinishida va ushbu obyekt bilan bogʻliq tegishli normativ-hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishida amaliy yordam berish toʻgʻrisidagi rasmiy murojaati (Agentlik tomonidan ogohlantirish berildi deb bayonot berilgan) Davaktiv agentligiga bugun – joriy yil 22-sentyabr kuni kelib tushdi va zudlik bilan ish yurituviga olindi.
Madaniy meros agentligining bugungi murojaatida Buyuk Turon koʻchasi, 41-uy manzilida joylashgan binolar Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari roʻyxatiga kiritilganligini maʼlum qilingan.
Taʼkidlash joizki, 2023-yil iyundagi kadastr hujjatlariga koʻra Obyektning umumiy hududi 28 888 kv. metrni, boʻsh yer maydoni 15 211 kv. metrni, bino va inshootlarning hajmi 42 048 kv. metrni, shundan 25 024 kv. metrni ishlab chiqarish va yordamchi binolar tashkil etadi va 3 ta alohida maʼmuriy binolar mavjud.
Ushbudan kelib chiqib, Davaktiv agentligi va Madaniy meros agentligi rahbarlari oʻrtasida oʻtkazilgan muloqotda obyekt hududida joylashgan bino-inshoot yoki yer maydonining qaysi qismi (biri) madaniy meros obyekti hisoblanishiga aniqlik kiritish boʻyicha birgalikda ish tashkil etish kelishib olindi va bu toʻgʻrisida Davaktiv agentligining murojaati yuborildi.
Shuningdek, “Sharq” nashriyot-matbaa AJ kam quvvatda ishlamoqda (50 foiz), biznes-reja koʻrsatkichlari bajarilmay kelmoqda, joriy yil yarim yillik yakuni boʻyicha sof tushumi oʻtgan yilga nisbatan pasaygan, sof foydasi esa atigi 13,8 mln soʻmni tashkil etib, 80 foizga kamaygan.
Jamiyatning mavjud bino-inshootlari va hududidan samarali foydalanilmasada, katta miqdorda mol-mulk va yer soligʻi toʻlab kelmoqda. Jumladan, 2022-yil va 2023-yilning oʻtgan davrida jamiyat tomonidan 3,3 mlrd. soʻm miqdorida mol-mulk va yer soligʻi toʻlangan.
Buyuk Turon koʻchasi, 41-uyda joylashgan “Sharq” nashriyot-matbaa AJning bino-inshootlari va ishlab chiqarish uskunalari esa maʼnan eskirgan va taʼmirtalab, aksariyati esa yaroqsiz ahvolga kelib qolgan, shuning uchun ham uni ixcham va zamonaviy binoga koʻchirilishi jamiyat bilan kelishilgan holda amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Buyuk Turon koʻchasi, 42-uyda joylashgan Oʻzbekiston milliy axborot agentligi (UzA)ning maʼmuriy binosi madaniy meros obyekti roʻyxatiga kiritilmagan, ammo ushbu bino Toshkent shahrining tarixiy arxitekturasini, shu jumladan, muhim “modernizm” yodgorligi qiyofasini aks ettirishini inobatga olib, uni saqlab qolish maqsadida savdoning asosiy sharti etib maʼmuriy binoning tarixiy qiyofasini saqlab qolish belgilangan.
Shu oʻrinda, “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonunning 26-moddasiga muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulkiga egalik qilishga va (yoki) undan foydalanishga ijara shartnomasiga yoki davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga, davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasiga, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga, shu jumladan konsessiya shartnomasiga asosan yoʻl qoʻyilishi belgilangan.
Yuqorida taʼkidlanganlarni inobatga olgan holda, Davaktiv agentligi tomonidan Madaniy meros agentligi bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatgan holda madaniy meros obyektiga aniqlik kiritiladi va mulkiy majmuani amaldagi qonunchilikka qatʼiy amal qilgan holda shaffof xususiylashtirish jarayonini taʼminlaydi, jarayonning har bir bosqichi toʻgʻrisida ommani xabardor qilib boradi.
Davlat aktivlari boshqarish agentligi
Matbuot xizmati