Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

26 Avgust 2024

“Uzinjiniring” respublika loyiha instituti” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni yuzasidan axborot

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan joriy yil 22 iyul kuni chop etilgan eʼlonga muvofiq, "Uzinjiniring” respublika loyiha instituti” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – "Aktiv") xususiylashtirish jarayonining Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichi boshlangan.

Avval maʼlum qilinganidek, ushbu Aktivni xususiylashtirish jarayonini ilgʻor xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun “Abrau Capital” (keyingi oʻrinlarda – "Konsultant") kompaniyasi xususiylashtirish boʻyicha Konsultant sifatida jalb etilgan.

Arizalarni qabul qilish jarayoni doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 2024-yil 22-avgustga qadar 3 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar Konsultantga kelib tushgan.

Davaktiv agentligi hamda xususiylashtirish boʻyicha Konsultant tomonidan kelib tushgan barcha arizalar quyidagi mezonlar boʻyicha saralangan:

  • barqaror moliyaviy holati (MHXS boʻyicha tekshirilgan moliyaviy hisobotlari bilan tasdiqlangan) va ehtimoliy bitimni kafolatlangan moliyalashtirish qobiliyati
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taʼqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan kompaniya emasligi;
  • Talabgor va ular bilan bogʻliq boʻlgan shaxslardan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmaganligi, shuningdek kelajakda bunday roʻyxatlarga kirish ehtimolining pastligi.

Kelib tushgan arizalarni yuqoridagi mezon talablari asosida Konsultant tomonidan chuqur oʻrganish natijasida, barcha investorlarning arizalari yuqoridagi mezon talablariga toʻliq mos deb topilgan.

Shunga koʻra, Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar, xususiylashtirish jarayonining kelgusi Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilinadi hamda ularning har biriga ushbu bosqich jarayonlari toʻgʻrisidagi individual xat (Process Letter) yuboriladi.

Talabgorlar tomonidan Axborotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolangandan soʻng, ularga Konsultant tomonidan tayyorlangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati beriladi. Ushbu maʼlumotlar xonasi Aktiv toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarni, jumladan, tarixiy va prognozli moliyaviy koʻrsatgichlari kabi axborotlarni oʻz ichiga oladi.

Konsultant tomonidan Aktivni sotib olish narxi boʻyicha Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) 2024-yil 27-sentabr soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qadar qabul qilinadi.

Shu bilan birga, mazkur muddatga qadar talabgorlar tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali taklif etiladigan Majburiyatga ega boʻlgan takliflarining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov sifatida “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJning tegishli hisob raqamiga oʻtkazish talab etiladi.

Bunda, mazkur kafolat to'lovi talabgorlar gʻolib deb topilmagan taqdirda ularning shaxsiy kabinetiga qaytariladi, gʻolib boʻlgan taqdirlarida - sotib olish toʻlovining bir qismi sifatida hisobga olinadi.

Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan kelgusidagi konstruktiv hamkorlikni shaffof muhitda davom ettiradi.

5858 Chop etish