Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

18 Avgust 2022

Xorazm viloyatida “Roadshow” taqdimoti o‘tkazildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan joriy yil 13-avgust kuni Xorazm viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari to'g'risida navbatdagi “Roadshow” (taqdimot) o‘tkazildi.

Urganch shahridagi “Yoshlar markazi” binosida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari va 200 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi. O'z o'rnida, Davaktiv agentligi mutasaddilari tomonidan qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish bo'yicha “master-auksion” o'tkazilib, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy ham amaliy tushintirildi.

“Roadshow” taqdimoti doirasida tadbirkorlar ommaviy savdolarga chiqarilgan 78 ta davlat aktivlari va 3464 ta yer uchastkalari hamda ijaraga berilishi ko‘zda tutilgan 206 ta davlat mulklari bilan tanishdilar.

Bundan tashqari, avvaldan doimiy foydalanish yoki umrbod egalik qilish huquqi asosida o'zlariga tegishli bo'lgan qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirib olgan fuqarolarga mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderlari topshirildi hamda mazkur jarayon tartibi bo'yicha tadbir qatnashchilariga tushuntirishlar berildi.

“Roadshow” ishtirokchilariga xususiylashtirish dasturlariga muvofiq ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan hamda savdo jarayonidagi davlat aktivlari, shu jumladan, viloyatdagi yirik aktivlar, maʼmuriy hamda ishlab chiqarish binolari kabi obʼektlar va yer uchastkalari to'g'risida maʼlumotlar berildi.

Ko'tarinki ruhda va savol-javoblarga boy o'tgan “Roadshow” davomida Davaktiv agentligi direktori o'rinbosari Bekzod Usmonov va viloyatning boshqa mutasaddi rahbarlari tadbir qatnashchilari va OАV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga batafsil javoblar berib o'tdilar.

Shu kabi tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilishi rejalashtirildi.

Maʼlumot uchun: bu kabi taqdimotlar va uchrashuvlar (Roadshow) respublikamizning barcha viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpogʼiston Respublikasida o'tkaziladi.

1536 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech