Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

16 Sentyabr 2022

"O'zgashkliti" MCHJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi sotilganligi to'g'risida axborot

Davaktiv agentligi Davlat tender komissiyasining tegishli qaroriga muvofiq, “O‘zGAShKLITI” MChJ (keyingi o‘rinlarda – Jamiyat) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini 133,7 mlrd. so‘m qiymatda sotib olish bo‘yicha savdo g‘olibi – “SG ENGINEERING AND DEVELOPMENT” MChJ bilan shartnoma shartlari (to‘lov muddatlari va shakllari)ni kelishgan holda oldi-sotdi shartnomasi imzolanganligini ma'lum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 fevraldagi "Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish to‘g‘risida"gi PF-6167-son Farmoniga muvofiq xususiylashtirilishi belgilangan “O‘zGAShKLITI” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish “UzAssets investisiya kompaniyasi” AJ (keyingi o‘rinlarda – UzAssets) tomonidan jalb qilinadigan konsultant tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Avval axborot berilganidek, ushbu xususiylashtirish jarayonlarini eng yaxshi xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun tanlov asosida Grant Thornton xalqaro konsalting kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsultant) jalb qilingan va “Dentons” xalqaro yuridik firmasi tomonidan huquqiy hamrohlik qilingan.

Konsultant tomonidan ushbu savdo jarayoni bo‘yicha keng ko‘lamli marketing ishlari olib borilib, xususiylashtirish jarayonining “Investor sounding” (investorlarni xabardor qilish/ogohlantirish) bosqichida Jamiyat to‘g‘risida investisiya tizerlari (Investment teasers) tayyorlangan va Grant Thornton konsalting kompaniyasi tomonidan, jumladan uning xalqaro ofislar tarmog‘i orqali Jamiyat faoliyat yuritayotgan sohadagi 25 dan ortiq xorijiy va mahalliy investorlarga yuborilgan.

Natijada, raqobat muhiti ta'minlangan holda talabgorlarning savdo jarayonlarida ishtirok etish uchun arizalari Konsultantga kelib tushgan.

Xususiylashtirish jarayonlarining keyingi bosqichlarida qiziqish bildirgan talabgorlarga Aktivning faoliyati bilan yaqindan tanishishlari uchun konsultant tomonidan tayyorlangan soliq, moliya, huquqiy va ekologik tahlillar (due-diligence) mavjud bo‘lgan virtual ma'lumotlar xonasi (VDR)ga kirish hamda Jamiyat boshqaruvi, shuningdek, Konsultantga savollar berish, Jamiyatga tashrif buyurgan holda o‘rganish imkoniyati yaratilgan.

Shunga ko‘ra, ushbu talabgorlardan Jamiyatni sotib olish bo‘yicha majburiyatga ega bo‘lgan (Binding offer) takliflari qabul qilingan.

Konsultant tavsiyasiga asosan, shuningdek “SG ENGINEERING AND DEVELOPMENT” MChJ tomonidan taklif etilgan narx taklifi boshqa talabgorning narx taklifidan hamda mustaqil baholash tashkiloti tomonidan taqdim etilgan baholash hisobotidagi Jamiyatning tavsiyaviy bozor qiymatidan yuqoriligini inobatga olib Davlat tender kommissiyasining tegishli yig‘ilish bayoni qarori bilan ushbu talabgorning taklifi eng yaxshi taklif sifatida qayd etilgan va savdo g‘olibi deb topilgan.

3102 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech