Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

08 Avgust 2022

“UZPAYNET” MCHJ USTAV KAPITALIDAGI 100 FOIZ DAVLAT ULUSHINING XUSUSIYLASHTIRISH JARAYONI BOSHLANGANLIGI TOʻGʻRISIDA E’LON

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – “Davaktiv agentligi” yoki “Sotuvchi”) tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “UZPAYNET” MCHJ (keyingi oʻrinlarda – “Kompaniya” yoki “Aktiv”) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini raqobatga asoslangan sotuv jarayoni orqali sotish rejasini e’lon qiladi (keyingi oʻrinlarda – “Bitim”).

ABRAU CAPITAL va CENTIL kompaniyalar konsorsiumi (keyingi oʻrinlarda – Maslahatchi) ushbu Bitim boʻyicha Davaktiv agentligining xususiylashtirish boʻyicha yetakchi maslahatchisi hisoblanadi.

Kompaniya toʻgʻrisida qisqacha ma’lumot:

“UZPAYNET” MCHJ Oʻzbekiston bozorida 2005 yildan buyon yirik toʻlov tashkilotlaridan biri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya PAYNET toʻlov tizimi ishlab chiqaruvchisi va savdo belgisi egasi deb hisoblanadi.

  • Hozirgi kunda 390 dan ortiq xizmat koʻrsatuvchi provayderlar toʻlovlarni tizim orqali qabul qilmoqdalar — mobil aloqa, internet, uy-joy, sugʻurta, va boshqalar.
  • PAYNET mahalliy banklar bilan hamkorlik qiladi – toʻlov tizimi xizmatlari qatoriga "Kartadan naqd pul olish", "Pul oʻtkazmalari", "Rekvizitlar boʻyicha toʻlov", "Kreditlarni qaytarish" kabi bank hizmatlari kiradi.
  • PAYNET tizimi orqali har kuni 1,3 milliondan ortiq toʻlovlar 25 ming toʻlovni qabul qilish punkti va mobil ilova orqali amalga oshiriladi.

Bitimni amalga oshirish jarayoni:

Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq boʻlgan raqobat tamoyillariga asoslangan xususiylashtirish mexanizmi orqali amalga oshiriladi.

Ishtirokchilardan quyidagi ma’lumotlar bilan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarini (Express of interest) taqdim etishlari soʻraladi:

  1. Ishtirokchi toʻgʻrisida qisqacha ma’lumot (shu jumladan, STIR va faoliyat turi);
  2. Ishtirokchining ustav kapitalida 5 foizdan ortiq ulushi mavjud aksiyadorlar/ ta’sischilar (egalik ulushi koʻrsatilgan holda) va yakuniy benefitsiarlar toʻgʻrisida ma’lumotlar;
  3. Moliyaviy hisobot (oxirgi 3 yilgi faoliyati boʻyicha afzalroq).

Qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi ariza Ishtirokchining xohishiga koʻra rus, oʻzbek yoki ingliz tillarida tayyorlanishi mumkin.

Talabgorlar qiziqish bildirishi toʻgʻrisidagi arizalarini 2022 yil 7 sentyabr soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar quyidagi elektron pochta manzillariga yuborishlari lozim: almo@abraucapital.com, dilru@abraucapital.com.

Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar asosida saralanadi:

  • davlat ulushini sotib olish uchun toʻlovga qobiliyatliligi;
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini ta’qiqlashi mumkin boʻlgan ma’muriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi.

Sotish jarayonining talablari va ketma-ketligi qiziqish bildirgan Talabgorlarga qoʻshimcha ravishda xabar qilinadi.

Keyingi bosqichga oʻtgan potensial investorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanadi va Aktiv faoliyati toʻgʻrisidagi umumiy ma’lumotlar saqlanadigan virtual ma’lumotlar xonasiga (VDR) kirish imkoniyati ta’minlanadi.

Qoʻshimcha ma’lumotlar uchun yuqorida keltirilgan aloqa kanaliga murojaat qilishingiz mumkin.

Arizalar va ilova qilingan ma’lumotlarni koʻrib chiqish natijalari asosida Ishtirokchilar keyingi bosqichlar toʻgʻrisida Maslahatchi tomonidan alohida xabardor qilinadi.

Ariza topshirish jarayoni barcha Ishtirokchilar uchun ochiq.

Diskleymer

Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Ushbu elon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur elon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davaktiv agentligi, Kompaniya, ABRAU CAPITAL va Kompaniyani sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi lozim. Davaktiv agentligi va ABRAU CAPITAL oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday holatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) turli xil manfaatdor shahslar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi, Kompaniya va ABRAU CAPITAL tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iii) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish; va/yoki

(iv) istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Bitimga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

3641 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech