Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

07 Noyabr 2023

"Dori Darmon" AJ ustav kapitalidagi 51% davlat ulushini xususiylashtirish jarayonlari to'g'risida axborot

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda – “Davaktiv agentligi”) “Dori-Darmon” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz davlat ulushi (keyingi o‘rinlarda – “Aktiv”)ni sotish bo‘yicha (keyingi o‘rinlarda – “Bitim”)  tanlov e'loniga muvofiq quyidagilarni ma'lum qiladi.

“Portfolio Investments“ MChJ kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda – Maslahatchi) ushbu Bitim bo‘yicha Davaktiv agentligining xususiylashtirish bo‘yicha yetakchi maslahatchisi hisoblanadi.

Maslahatchi tomonidan xususiylashtirish jarayonining Qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalarni (Express of interest), Majburiyatga ega bo‘lmagan takliflarni (NBO), Majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni (BO) qabul qilish jarayonlari amalga oshirilgan.

Majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni (BO) qabul qilish bosqichidagi talabgorlar tomonidan Aktivni sotib olish bo‘yicha bildirilgan narx takliflari, Konsultant tomonidan hisoblangan ushbu aktivni sotish mumkin bo‘lgan qiymat diapazonidan pastligi, shuningdek, boshqa ko‘plab salohiyatli talabgorlardan ushbu xususiylashtirish jarayonida qatnashish qiziqishi bildirilganligi sababli ushbu investorlarga qo‘shimcha imkoniyat yaratish maqsadida, Maslahatchi tomonidan xususiylashtirish jarayonlarini Majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni (BO) qabul qilish bosqichidan davom ettirish hamda ushbu bosqichda barcha qiziqish bildirgan talabgorlardan aktivni sotib olish bo‘yicha majburiyatga ega bo‘lgan takliflarini qabul qilish yuzasidan tavsiya berilgan.

Shunga ko‘ra, Davaktiv agentligi “Dori-Darmon” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonlarini Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) qabul qilish bosqichidan davom ettirilishini e'lon qiladi.

Bunda:

1. Ushbu bosqich barcha talabgorlar uchun ochiq.

2. Qiziqish bildirgan barcha talabgorlar bilan Axborotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitim (NDA) imzolanadi va ularga Maslahatchi tomonidan tayyorlangan Aktivni sotib olish narxi bo‘yicha majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan ma'lumotlar to‘plami (Information Memorandum) hamda moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik bo‘yicha tahliliy hisobotlari bilan tanishish imkoniyati beradigan virtual ma'lumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati beriladi.

3. Talabgorlardan quyidagi ma'lumotlar bilan birga sotib olish bo‘yicha Majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni (BO) taqdim etishlari so‘raladi:

  • Ishtirokchi to‘g‘risida qisqacha ma'lumot (shu jumladan, STIR va faoliyat turi);
  • Ishtirokchi ustav kapitalida 5 foizdan ortiq ulushi mavjud aksiyadorlar/ta'sischilar (egalik ulushi ko‘rsatilgan holda) va yakuniy benefisiarlar to‘g‘risida ma'lumotlar;
  • Oxirgi 3 yilgi faoliyati bo‘yicha moliyaviy hisoboti (MHXS afzalroq);
  • Aktivni sotib olish bo‘yicha narx taklifi.

4. “Dori-Darmon” AJdagi 51 foiz davlat ulushi quyidagi ijtimoiy majburiyatlar bilan sotiladi:

  1. Tijoriy shartnoma asosida respublika sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarini hayotiy muhim bo‘lgan asosiy dori-darmonlar bilan ta'minlash (Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 20-maydagi 131-son qarori doirasida);
  2. Kompensatsiya qilish sharti bilan tijoriy shartnoma asosida Sog‘liqni saqlash vazirligining nomenklaturasi bo‘yicha davlat zaxiralaridagi dori vositalarini saqlash;
  3. Davlat-xususiy sheriklik shartnomasi asosida tashkil etilgan ijtimoiy dorixonalar faoilyatini saqlab qolish va yuritish (Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 334-son qarori doirasida);
  4. Kompensatsiya qilish sharti bilan tijoriy shartnoma asosida ta'minlanish huquqiga ega bo‘lgan 14 toifadagi shaxslarni bepul dori vositalari bilan ta'minlash majburiyatlarini saqlab qolish (Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-iyuldagi 204-son qarori doirasida).

Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar ishtirokchining xohishiga ko‘ra o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlanishi mumkin.

Talabgorlar Majburiyatga ega bo‘lgan takliflarini (BO) 2023-yil 27-noyabr soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar quyidagi elektron pochta manziliga yuborishlari lozim: munir.yakubov@piamg.uz.

Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar bo‘yicha saralanadi:

  • davlat ulushini sotib olish uchun to‘lovga qobiliyatliligi;
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini ta'qiqlashi mumkin bo‘lgan ma'muriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yo‘qligi;
  • O‘zbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • talabgor (konsorsium holatida, konsorsium a'zolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQShning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib o‘tilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium a'zolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib o‘tilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid bo‘lgan har qanday faoliyatga (to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki biron bir sho‘ba korxonasi orqali) jalb etilmagan bo‘lishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium a'zolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari bo‘lmasligi lozim.

Esatib o‘tamiz, ushbu bosqich barcha Ishtirokchilar uchun ochiq!

Diskleymer

Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini o‘zgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Ushbu e'lon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur e'lon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin bo‘lgan Davaktiv agentligi, Portfolio Investments va Kompaniyani sotish bilan bog‘liq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davaktiv agentligi va Portfolio Investments o‘z xohishiga ko‘ra har qanday vaqtda va har qanday holatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni o‘z zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga o‘zgartirish kiritish;

(ii) turli xil manfaatdor shaxslar uchun turli xil tartib-qoidalar bo‘yicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi, Kompaniya va Portfolio Investments tomonidan ko‘zda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iii) har qanday sababga ko‘ra sotish jarayonini to‘xtatish;

(iv) istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Bitimga taalluqli bo‘lgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini o‘zida saqlab qoladi.

2084 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech