Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

03 Iyun 2023

“Xalq IPO”sini o‘tkazish bo‘yicha strategik muvofiqlashtiruvchi konsultant tanlab olindi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan 40 ta davlat korxonalarida “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida “Xalq IPO”sini amalga oshirish strategiyasini ishlab chiqish va jarayonni muvofiqlashtirish boʻyicha yetakchi professional konsalting kompaniyasi (keyingi oʻrinda - Strategik konsultant)ni jalb qilish yuzasidan xalqaro tanlov eʼloniga muvofiq quyidagilar maʼlum qilinadi.

Mazkur tanlov jarayonida 4 ta mahalliy va xalqaro professional konsalting kompaniyalardan takliflar qabul qilinib, ularning moliyaviy taklifi, sohadagi tajribasi, malakasi va belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha yondashuvlari asosida saralandi.

Saralash natijasida, faoliyat sohasida amalga oshirgan yuqori darajadagi loyihalari, loyiha doirasida jalb qilinadigan professional jamoasining malakasi hamda eng maqbul narx taklifini bildirgan "KPMG" xalqaro kompaniyasi “Xalq IPO”sini amalga oshirish strategiyasini ishlab chiqish va jarayonni muvofiqlashtirish boʻyicha Strategik konsultant sifatida tanlandi.

Strategik konsultant quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

  • mahalliy bozor xususiyatlarini inobatga olgan holda xalqaro tajriba asosida “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili boʻyicha “Xalq IPO”sini amalga oshirish strategiyasini va uni oʻtkazish tartibini ishlab chiqish;
  • "Xalq IPO”sini amalga oshirish strategiyasini tatbiq etishda investitsiya vositachilari, anderrayterlar, maxsus PR kompaniyalar va boshqa manfaatdor tomonlarni jalb qilish boʻyicha tavsiyalar, shu jumladan ularga qoʻyiladigan malakaviy mezon va jalb qilish shartlarini ishlab chiqish;
  • “Xalq IPO”si doirasida Davaktiv agentligi, aksiyalarni sotish boʻyicha jalb etiladigan anderrayterlar, investitsiya vositachilari, "E-auksion" elektron platformasi, onlayn toʻlov tizimlari, banklar va boshqa manfaatdor tomonlarning muvofiqlashgan harakatini taʼminlash;
  • optimal marketing strategiyasi, jumladan tegishli marketing instrumentlari va uslublari yuzasidan hamda marketing materiallarini (flayerlar, bukletlar, bannerlar, memorandumlar, foto-video roliklar va boshqalar) tayyorlash boʻyicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish;
  • “Xalq IPO”si orqali aksiyalari sotiladigan korxonalarning moliyaviy holati, maqroiqtisodiy vaziyatni korxona faoliyatiga taʼsiri, korxona faoliyati sektoridagi bozor konyunkturasi (jumladan, aksiyalardan olinadigan kelgusidagi daromad kutilmalari va dividend siyosati)ni, bozordagi aksiyalarga boʻlgan talab tahlili (market sounding)ni inobaga olgan holda aksiyalarni sotib olish boʻyicha kelib tushgadigan buyurtmalarni joylashtirish mexanizmini, narxlar diapozonini va bir investor (investitsiya vositachisi) tomonidan sotib olinishi mumkin boʻlgan aksiyalar soniga nisbatan kiritilgan cheklovlarni belgilash;
  • aksiyalarni oldi-sotdi shartnomasining namunaviy shaklini ishlab chiqish.

Davaktiv agentligi "KPMG" xalqaro kompaniyasi bilan birgalikda jarayonni ochiq, shaffof va raqobat tamoyillariga asoslangan savdo mexanizmlariga muvofiq tashkil etishning barcha choralarini koʻradi hamda jarayonning har bir bosqichi toʻgʻrisida ommaga axborot berib borilishini taʼminlaydi.

2073 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech