Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

05 Sentyabr 2023

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi raqamli transformatsiya holati reytingida davlat boshqaruvi organlari orasida 6 ta pog'onaga ko'tarilib, 2-oʻrinni egalladi

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyunda qabul qilingan "Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatning rivojlanish holatini reyting baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 373-son qaroriga asosan, maxsus NIS.UZ tizimi orqali davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida har uch oy yakunlari boʻyicha raqamli transformatsiya holatini reyting baholash amalga oshiriladi va uning natijalari "Raqamli Oʻzbekiston-2030" strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi komissiya yigʻilishlarida tanqidiy muhokama qilinadi.

Yuqoridagi tartibga koʻra, 2023-yil I yarim yillik yakuni boʻyicha raqamli transformatsiya holatini reyting baholash jarayonida 43 ta davlat organi, 38 ta xoʻjalik organi va 14 ta mahalliy hokimliklar: jami 95 ta davlat tashkilotlari qamrab olindi.

Reyting baholash ishlari 5 ta yoʻnalishda amalga oshirilgan:

  • Ochiqlik va elektron ishtirok;
  • Elektron davlat xizmatlari;
  • Axborot xavfsizligi;
  • Faoliyatning raqamlashtirilganligi;
  • Tashkiliy masalalar.

Baholash natijalariga koʻra, Davaktiv agentligi Ochiqlik va elektron ishtirok indeksida 86,5 foiz, Axborot xavfsizligi indeksida 94,6 foiz, Faoliyatni raqamlashtirilganlik indeksida 100 foiz hamda Tashkiliy masalalarda 96,7 foiz, jami oʻrtacha 92,17 foiz natija bilan davlat organlari oʻrtasida ikkinchi oʻrinni egalladi.

Xususan, 2023-yilning I yarim yilligida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tizim faoliyatida davlat xizmatlarini raqamlashtirish, raqamlashtirish, ochiqlik, axborot xavfsizligini taʼminlash sohasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

1. Davaktiv agentligi tomonidan koʻrsatiladigan anʼanaviy 5 ta davlat xizmatlari toʻliq raqamlashtirildi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) va Davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlarni koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

2. Davaktiv agentligi tomonidan "Yerxususiylashtirish" avtomatlashtirilgan axborot tizimining yangi talqini ishlab chiqildi va amaliyotga joriy qilindi. Jismoniy va yuridik shaxslar oʻzlariga tegishli boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini masofadan turib xususiylashtirish imkoniyatiga ega boʻldi. Mazkur xizmatdan masofadan turib Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki istalgan Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza berish va xususiylashtirilganligi toʻgʻrisida order va koʻchirmani elektron raqamli imzo (QR kod) bilan tasdiqlangan holda olish imkoniyati yaratildi. Ushbu jarayonlarni barchasi toʻliq raqamlashtirilgan va inson omili cheklangan.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumat topshiriqlariga muvofiq, 4 ta axborot tizimlari ishlab chiqilib amaliyotga joriy etildi. Shuningdek, Davaktiv agentligi tizimida “Edo.ijro.uz” - Yagona elektron hujjat almashinuvi tizimi, shuningdek “HUMO” milliy messenjeri amaliyotga joriy etildi.

4. Davaktiv agentligining “Davlat mulki” axborot tizimi 9 ta vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida, masʼul tarkibiy boʻlinmalaridan ochiq maʼlumotlar umumlashtirilib, Davaktiv agentligining rasmiy veb-sayti (davaktiv.uz) va Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar oʻz muddatlarida yangilanib borildi.

6. Axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Davaktiv agentligining axborotlashtirish obyektlari, rasmiy veb-sayti (davaktiv.uz) va mavjud barcha axborot tizimlari axborot va kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi boʻyicha ekspertizadan oʻtkazildi hamda litsenziyalangan dasturiy mahsulotlar joriy qilindi.

7. Davaktiv agentligi direktori oʻrinbosarlaridan biriga raqamlashtirish boʻyicha oʻrinbosar (Chief Digital Officer) vakolatlari yuklatildi. Davaktiv agentligining tashkiliy tuzilmasida alohida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirish boshqarmasi tashkil etildi. Boshqarma boshligʻi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan kelishildi. Boshqarmaning barcha xodimlarini axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik boʻyicha malakalari oshirilib, tegishli sertifikatlarga hamda xalqaro IT sertifikatlariga ega boʻldi.

1716 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech