Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

04 Oktyabr 2022

“UZPAYNET” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushining xususiylashtirish jarayoni yuzasidan axborot

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan joriy yil 8 avgust kuni chop etilgan e'longa muvofiq, “UZPAYNET” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini raqobatga asoslangan sotuv jarayonining Aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichi boshlangan.

Avval ma'lum qilganimizdek, ABRAU CAPITAL va CENTIL kompaniyalar konsorsiumi ushbu Bitim bo‘yicha Davaktiv agentligining xususiylashtirish bo‘yicha yetakchi maslahatchi sifatida jalb etilgan.

Shu bilan birga, Yagona milliy baholash standarti talablari doirasida mazkur aksiyalar paketining bozor qiymatini aniqlash maqsadida, Davaktiv agentligi O‘zbekiston Respublikasi hududida baholash faoliyatini yuritish huquqiga ega bo‘lgan baholovchi tashkilotlarni jalb qilish yuzasidan “etender.uzex.uz” elektron platformasida o‘tkazilgan ochiq va shaffof tanlov natijalariga muvofiq, “Baholash va Konsulting Markazi” MChJ mustaqil baholovchi tashkilot sifatida jalb etilgan. Bugungi kunda mustaqil baholovchi tomonidan belgilangan tartibda baholash ishlari amalga oshirilmoqda.

Kompaniyaning xususiylashtirish jarayonlari doirasida ABRAU CAPITAL va CENTIL kompaniyalar konsorsiumi tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 2022 yil 7 sentyabrga qadar MDH davlatlari va Yevropa mamlakatidan 7 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of interest) to‘g‘risidagi arizalar ABRAU CAPITAL va CENTIL kompaniyalar konsorsiumiga kelib tushgan.

Davaktiv agentligi hamda xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi tomonidan kelib tushgan barcha arizalar quyidagi mezonlar bo‘yicha saralandi:

  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini ta'qiqlashi mumkin bo‘lgan ma'muriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yo‘qligi;
  • O‘zbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium a'zolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va AQShning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmaganligi.

ABRAU CAPITAL va CENTIL kompaniyalar konsorsiumi tomonidan kelib tushgan arizalar yuqoridagi mezon talablari asosida chuqur o‘rganildi va barcha talabgorlarning muvofiqligi aniqlandi.

Shunga ko‘ra, Aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichidan muvofaqqiyatli o‘tgan talabgorlar xususiylashtirish jarayonlarining kelgusi Majburiyatga ega bo‘lmagan taklif (NBO) qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilindi va keyingi o'rinlarda ularga ushbu bosqich jarayonlari to‘g‘risidagi xat (Process Letter) yuboriladi.

Xususiylashtirish jarayonlarida kelgusidagi o‘z ishtirokini tasdiqlash uchun, ushbu talabgorlar bilan Axborotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitim (NDA)ni imzolash taklif etiladi, so‘ngra ularga maslahatchi tomonidan tayyorlangan Mehmonxonani sotib olish narxi bo‘yicha indikativ majburiyatga ega bo‘lmagan takliflarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan dastlabki ma'lumotlar to‘plami (Information Memorandum) bilan tanishish imkoniyati beradigan virtual ma'lumotlar xonasi (VDR) ga kirish imkoniyati beriladi. Ushbu ma'lumotlar to‘plami Mehmonxona xo‘jalik faoliyati tasnifi, shuningdek tarixiy va prognozli moliyaviy ko‘rsatkichlari kabi axborotlarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, ABRAU CAPITAL va CENTIL kompaniyalar konsorsiumi tomonidan “UZPAYNET” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotib olish narxi bo‘yicha majburiyatga ega bo‘lmagan takliflarni (NBO) joriy yil 24 oktyabrga qadar qabul qilinadi.

Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish bosqichidan muvafaqqiyatli o‘tgan talabgorlar bilan kelgusidagi konstruktiv hamkorlikni shaffof muhitda davom ettiradi.

Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayonining shaffofligi, ochiqligi va teng raqobat muhitini ta'minlashning barcha choralarini ko‘radi va uning har bir bosqichi to‘g‘risida axborot berib boradi.

1799 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech