Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

02 Avgust 2023

“Xalq IPO”sini tashkillashtirish jarayonlari toʻgʻrisida axborot

Avval maʼlum qilinganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida “Xalq IPO”sini tashkillashtirish boʻyicha “KPMG” xalqaro kompaniyasi Strategik konsultant sifatida jalb qilingan.

Strategik konsultant bilan hamkorlikda “Xalq IPO”si orqali aksiyalari sotilishi belgilangan korxonalarni tayyorlash boʻyicha aniq mezonlar va amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi, jumladan “Xalq IPO”sining mazmun mohiyatini keng ommaga yetkazishda targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish uchun PR-konsalting kompaniyasi hamda investitsion vositachi xizmatlarini koʻrsatish uchun anderrayter kompaniyalarini jalb qilish boʻyicha texnik topshiriqlar ishlab chiqilib, Davaktiv agentligining rasmiy veb-sahifasi va ijtimoiy tarmoqlarida:

  • joriy yil 23-iyun kuni chop etilgan eʼlonga muvofiq, keng qamrovli targʻibot-tashviqot ishlarini tashkillashtirish boʻyicha yetakchi PR-konsalting kompaniyasini jalb qilish yuzasidan oʻtkazilgan tanlov natijasida, “Mosaic Financial” va “Lightman PR” kompaniyalari konsorsiumi jalb qilingan;
  • joriy yil 29-iyun kuni chop etilgan eʼlonga muvofiq, anderrayter kompaniyalarini jalb qilish yuzasidan oʻtkazilgan tanlov natijasida, 6 ta investitsion vositachi kompaniyalari (“Freedom Finance” kompaniyasi, “Dalal Standard”, “Winvestment Consult” va “KRESTON” konsorsiumi, “Kapital-Depozit”, “Satori IB Group” va “Satori Capital” konsorsiumi, “Alkes Research”, “Bluestone Financial Group Inc” va “Kapitalbank” ATB konsorsiumi, “Abrau Capital” va “Premier Capital Sweden” konsorsiumi hamda “Portfolio Investments”, “Oʻzmilliybank” AJ va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB konsorsiumi) salohiyatli anderrayterlar roʻyxati (“Gʻoliblar roʻyxati”)ga kiritilib, ular bilan bosh kelishuv imzolangan. Bunda, Strategik konsultant bilan kelishgan holda “Gʻoliblar roʻyxati”ga kiritilgan anderrayterlardan bir yoki bir nechtasini “Хalq IPO”si oʻtkaziladigan muayyan davlat ishtirokidagi korxonalarga alohida shartnomalar orqali biriktiriladi.

Endilikda, jalb qilingan PR-konsalting kompaniyasi bilan birga:

  • optimal marketing strategiyasi, jumladan tegishli marketing instrumentlari va uslublari yuzasidan hamda marketing materiallarini (flayerlar, bukletlar, bannerlar, memorandumlar, foto-video roliklar va boshqalar) tayyorlanadi;
  • “Xalq IPO”sining mazmun mohiyatini keng ommaga yetkazish uchun respublikamizning barcha hududlarida obuna kampaniyalari (“Roadshow”) oʻtkaziladi;
  • “Xalq IPO”si asosida savdoga chiqariladigan korxonalarning moliyaviy, iqtisodiy va xoʻjalik faoliyati boʻyicha tahliliy maʼlumotlari tayyorlanib, ushbu korxonalar rahbarlari va jalb qilingan maslahatchilar tomonidan aholiga taqdim qilinadi.

Jalb qilingan salohiyatli anderrayterlar tomonidan:

  • amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, aksiyalar muomalasi va “Xalq IPO”sini tashkillashtirish uchun zarur hujjatlar tayyorlanadi;
  • “Xalq IPO”si asosida savdoga chiqariladigan korxonalarning Biznes-rejasi/strategiyasi va investitsion jozibadorlik tarixi (equity story) ishlab chiqiladi;
  • bukrannerning standart xizmatlari, shu jumladan joylashtirilgan qimmatli qogʻozlarni sotib olish uchun salohiyatli investorlarning arizalarini qabul qilish, talabnomalarning jamlangan reestrini yuritish va aksiyalarning “Xalq IPO”sini tashkil etish amalga oshiriladi.

“Xalq IPO”sini muvaffaqiyatli tashkillashtirishda Davaktiv agentligi tomonidan jalb qilingan professional tashkilotlar bilan hamkorlikda quyidagi tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

  • “E-auksion” platformasida “Xalq IPO”si orqali xususiylashtiriladigan aksiyalarni sotib olish boʻyicha xaridorlardan arizalarni 24/7 rejimda onlayn qabul qilish imkoniyatini yaratish;
  • tijorat banklari bilan investitsion vositachi sifatida hamkorlik qilish hamda ularning mobil ilovalari orqali “Xalq IPO”sida onlayn ishtirok etish sharoitlarini yaratish, jumladan, “E-auksion” platformasi bilan integratsiya qilish;
  • elektron onlayn toʻlov tizimlarining mobil ilovalari orqali “Xalq IPO”sida onlayn ishtirok etish imkoniyatini yaratish;
  • "Oʻzbekiston pochtasi" AJning hududiy (viloyat va tuman) filiallari (pochtamtlar, pochta aloqasi bogʻlamalari hamda aloqa boʻlimlari) infratuzilmasidan “Xalq IPO”sida ishtirok etish uchun aholidan arizalarni qabul qilish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.

Eslatib oʻtiladi, “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosidagi “Xalq IPO”sida ishtirok etish uchun aholining barcha qatlamlariga keng imkoniyat yaratish maqsadida, fuqarolar oʻrtasida ommalashishga ulgurgan va foydalanuvchilarga qulay boʻlgan “E-auksion” platformasining joriy imkoniyatlaridan foydalaniladi hamda jarayonga qiziqish bildirgan Oʻzbekiston Respublikasining barcha rezidentlari (jismoniy va yuridik shaxslar)ning arizalari mazkur platforma orqali qabul qilinadi. Bunda, platforma orqali 24/7 onlayn rejimida:

  • talabgorlarni identifiqatsiya qilish (ERI, One ID va Mobile-ID);
  • professional brokerni tanlab, ular bilan shartnoma tuzish;
  • depo hisob raqam (aksiya/obligatsiya uchun hisob raqam) ochish;
  • sotib olish boʻyicha arizalarni onlayn qabul qilish imkoniyatlari yaratiladi.

Aksiya sotib olishda talabgorlar huquqlari platformadagi Eskrou tizimi orqali kafolatlanadi. Toʻlovlar va hisob-kitoblar inson omilisiz platformaning billing tizimi orqali amalga oshiriladi.

Davaktiv agentligi tomonidan rejalashtirilgan tegishli tadbirlar amalga oshirilgandan soʻng, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan holda kelgusi jarayonlar yuzasidan keng jamoatchilikka qoʻshimcha axborot berib borilishi taʼminlanadi.

 

2805 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech